Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • RAQAMLI IQTISODIYOT TARAQQIYOT GAROVI
    04.02.2020

    Bugun, 4 fevral — O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashkil topgan kun.

    Prezident farmoni bilan 2015 yilning 4 fevralida O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashkil etilgan edi.

    O‘tgan bu davrda sohada ulkan ishlar amalga oshirildi. Birgina 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar tahliliga nazar soladigan bo‘lsak, O‘tgan yilda mamlakatimizda zamonaviy elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro hamkorligining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borildi.

    Sohani rivojlantirish yo‘nalishida chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni bugungi kunda 269 tani tashkil etib, shundan 2019 yilda ushbu yo‘nalishda 73 ta chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar tashkil etildi.

    Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirildi.

    Xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s.ni tashkil etib, kommutatsiya markazi orqali 750 Gbit/s tezlikda Internet tarmog‘iga chiqish imkoniyati yaratildi va tarmoqning yuklanish darajasi 76,6 foizni tashkil etdi.

    2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 56,0 ming so‘mni tashkil etdi.

    Internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 22 mln.dan ortdi, shundan mobil Internet foydalanuvchilari soni 19 mln.ni tashkil etdi.

    Respublika bo‘yicha 237 ta ob’ektda magistral telekommunikatsiya tarmoqlari kengaytirilib, telekommunikatsiya uskunalari modernizatsiya qilinib, magistral telekommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo darajada 200 Gbit/s.ga, tumanlararo darajada esa 40 Gbit/s.ga yetkazildi.

    Shuningdek, “Optik tolali aloqa liniyalarini qurish” loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 10,0 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 36,6 ming km. ga yetkazildi.

    Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 2 017 ta mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatilib, ularning umumiy soni 26 mingtadan ortdi va respublika aholi maskanlarini mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 96 foizga va mobil Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 70 foizga yetkazildi.

    Internet tarmog‘iga keng polosali simli ulanishni kengaytirishni amalga oshirish doirasida operatorlar va provayderlar tomonidan 786 mingta port montaj qilindi va umumiy keng polosali tarmoqqa ulanish portlari soni 1,9 mln.ga yaqin yetkazildi.

    Servis, turizm, savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlarining jozibadorligini oshirish maqsadida barcha diqqatga sazovor joylar, ziyoratgohlar, temir yo‘l vokzallari, aeroport, turistik ob’ektlar hamda Toshkent metropolitenining barcha ob’ektlarida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, telekommunikatsiya operator va provayderlari tomonidan 685 dan ortiq Wi-Fi tarmog‘i orqali Internetga ulanish nuqtalari ishga tushirildi .

    Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan kontaktsiz aloqa shakllarini yanada rivojlantirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi versiyasi ishlab chiqildi. Bugungi kunda Yagona portal orqali 176 ta elektron davlat xizmati taqdim etilmoqda, ushbu xizmatlardan foydalanish uchun 15,1 mln. ta ariza-buyurtma kelib tushgan, bu davlat organlari bilan o‘zaro aloqada aholining vaqt va moliyaviy xarajatlarini kamaytirishga yordam berdi.

    Tadbirkorlarning, shu jumladan, chet el investorlari murojaatlari bilan ishlashni tashkil etish sifati va tezkorligini oshirish, ular bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlash, ularning qonuniy talablarini amaliy va samarali ro‘yobga chiqarish va muammoli masalalarini hal etish maqsadida Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish virtual qabulxonasi “business.gov.uz” portali ishga tushirildi. Bugungi kunda ushbu portal orqali 34,7 mingta murojaat kelib tushib, shulardan 33,6 mingtasi ko‘rib chiqilgan.

    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ko‘rib chiqish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda kelishish uchun, shu jumladan bir vaqtning o‘zida keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasini o‘tkazish va tezkor jo‘natish uchun vaqtni va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejash maqsadida yagona elektron tizimi “project.gov.uz” joriy etildi.

    Kompyuter dasturlash xizmatlari bilan shug‘ullanib kelayotgan xo‘jalik sub’ektlari va kichik tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga yetarli sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 10 yanvardagi 17-son qarori bilan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

    Ushbu yo‘nalishda 2019 yilda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha 110 dan ortiq dasturiy mahsulot ishlab chiquvchi korxonalar tashkil etildi, 750 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi .

    Istiqbolli startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 15 ta startap-tashabbuskorlar inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarida ishtirok etdi.

    Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (“saylov.gov.uz”) joriy qilindi. Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda

    20,5 mln. dan ortiq fuqarolardan iborat Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirilib, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan integratsiya qilindi.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ta’limni yanada rivojlantirish yo‘nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirildi

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallari 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab zamonaviy ta’limning kredit tizimiga o‘tkazildi. Ta’limning kredit tizimida hozirgi kunda 9 609 nafar talaba ta’lim olmoqda. Kredit tizimiga o‘tish orqali o‘quv rejalari jahon standartlariga moslashtirish uchun yangi fanlar bilan boyitildi, talabalarga fanlarni tanlash erkinligi berildi, professor-o‘qituvchilar va talabalarga akademik mobillik tizimini yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratildi.

    Universitetga xorijiy davlatlardan 21 nafar professor-o‘qituvchi jalb qilindi.

    Bugungi kunda universitet va uning hududiy filiallarida 57 nafar fan doktori, 251 nafar fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. 2019 yil davomida professor-o‘qituvchilarining 51 nafari doktorlik ishini himoya qildi, xalqaro ilmiy jurnallarda 111 ta ilmiy maqolalar chop etildi va universitet professor-o‘qituvchilari ilmiy salohiyati darajasi 28 foizdan 33 foizga yetkazildi.

    Vazirlar Mahkamasining “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tarkibida O‘zbek-Belarus qo‘shma axborot texnologiyalari fakultetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 18 yanvardagi 46-son qarori qabul qilindi. Qo‘shma fakultet uchun abituriyentlarga tayyorlov kurslari tashkil etildi. Ushbu fakultetda 2019/2020 o‘quv yilida 505 nafar talaba qabul qilindi.

    Shuningdek, 2019 yilda universitetda Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkilotining 1,6 mln. doll. miqdoridagi texnik granti hisobiga O‘quv media markazi foydalanishga topshirildi.

    2019 yilda 5,2 mlrd. so‘mdan ortiq miqdordagi 60 ta loyiha amalga oshirildi.

    Universitet 2019 yilda Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasida 5 ta yangi loyihada ishtirok etishni boshladi. Ushbu loyihalar 2019-2021 yillar davomida amalga oshiriladi, umumiy loyihalar soni 10 taga yetkazildi. Universitetning 2 nafar bakalavr, 22 nafar magistrant va 9 nafar doktorantlari xorijiy universitetlarda tahsil olmoqda.

    Toshkent shahridagi INHA universitetida 1 558 ta talaba tahsil olmoqda. Kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra 40 ta eng yaxshi talaba grant asosida qabul qilindi. Bugungi kunda INHA universitetida Koreyadan va boshqa xorijiy mamlakatlardan 14 nafar professor o‘qituvchi va mutaxassis, mahalliy mutaxassislardan 8 nafar professor va 26 nafar o‘qituvchi jalb etilgan.

    2019 yilda universitetning “Kompyuter injiniring” va “Dasturiy injiniring” mutaxassisligi bo‘yicha 202 nafar bitiruvchi ikkita – INHA universiteti (Koreya Respublikasi) va Toshkent shahridagi INHA universiteti diplomlariga ega bo‘lishdi. Bitiruvchilarning 177 nafari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishga joylashgan, 25 nafari Germaniya, Janubiy Koreya, Kipr va boshqa Yevropa mamlakatlari universitetlarning magistraturasiga o‘qishga qabul qilingan.

    2019 yilda Toshkent shahridagi INHA universitetida SAP Vision center faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu hamkorlik doirasida universitet va SAP kompaniyasi o‘rtasida kelishuvga asosan talabalar va o‘qituvchilar kompaniyaning “SAP University Alliance” dasturi doirasidagi o‘quv qo‘llanmalardan beg‘araz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 yanvardagi qarori bilan Toshkent shahrida Amiti universiteti tashkil etilib, 2019 yil 24 sentyabrdan boshlab universitet o‘z faoliyatini boshladi. Hozir universitetda 499 nafar talaba tahsil olmoqda. Universitetga xorijiy mamlakatlardan 17 nafar PHD darajasiga ega professor-o‘qituvchilar jalb qilingan. Talabalar almashinuvi dasturi doirasida Amiti universitetining Birlashgan Arab Amirliklaridagi kampusiga 14 nafar hamda Hindistondagi kampusiga 8 nafar talaba yuborilgan.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning 1200 o‘rinli zamonaviy yangi binosi foydalanishga topshirildi.

    Ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilar uchun keng sharoitlar, sinf xonalaridan tashqari darslar hamda fakultativ mashg‘ulotlarni innovatsion usullarda o‘tish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi. Maktabda o‘quvchilar zamonaviy mobil va kompyuter dasturlarini o‘rganishi, o‘z ustida ishlab, tajriba oshirishi uchun robototexnika xonalari, innovatsion va virtual laboratoriyalar tashkil etildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchi tashabbusi doirasida respublika bo‘yicha 22 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi.

    Mazkur markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan 14-30 yoshdagilar uchun dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratishga oid jami 19 ta fan dasturlari ishlab chiqildi.

    Mazkur markazlarda jami 3,0 ming nafar tinglovchi o‘quv kurslarini yakunladi, hozir 1,6 ming nafar tinglovchi tahsil olmoqda.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasi bo‘yicha 2020 yilda eng muhim dolzarb vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning parlamentga 2019 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Murojaatnomasi xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

    Murojaatda mamlakatimiz taraqqiyotining muhim yo‘nalishlari, xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan dolzarb masalalar o‘z aksini topdi.

    Prezidentimiz tomonidan ta’kidlab o‘tilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini tizimli yo‘lga qo‘yilishi belgilab olindi.

    Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasida barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks hal etuvchi, ya’ni yagona davlat siyosatini olib boradigan yagona davlat organini tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar berildi.

    Davlat boshqaruvi va raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasida axborot tizimlarini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish uchun mazkur yagona davlat organi tarkibida tarkibiy bo‘linmalar tashkil etish vazifalari berildi.

    O‘zbekiston Respublikasida “Raqamli O‘zbekiston-2030” dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishni belgilab olindi.

    Bu yo‘nalishdagi ishlarni markazlashgan holda olib borish natijasida “Elektron hukumat” tizimi loyihalarini va davlat idoralarida axborot tizimlarini joriy etish jarayonlarini optimallashtirish va har tomonlama qulay axborot tizimlarini joriy qilishga erishiladi.

    Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki hududini kengaytirish va yangi infratuzilma ob’ektlari qurilishini boshlash maqsadida Texnopark konsepsiyasi ishlab chiqilib, Texnopark hududida 400 ming kv.m.dan ortiq ofis binolari, konferens zal, kovorking markaz, mehmonxona va boshka binolarni qurish bo‘yicha investorlarni joylashtirish hamda qurilish ishlari amalga oshiriladi.

    Buning natijasida dasturiy mahsulot ishlab chiquvchi mingdan ortiq yangi korxonalar tashkil etilishiga hamda 14 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishiladi.

    Ushbu yo‘nalishda Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida 2020 yil yakuniga qadar Texnoparkning hududiy filiallarini tashkil etiladi.

    Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida xorijiy xamkorlar bilan birgalikda “Bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi.

    O‘zbekiston aholisining 60 foizi yoshlar bo‘lib, ularni zamonaviy axborot texnologiyalariga keng jalb qilish, ularga dasturiy mahsulotlar yaratish va autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish orqali ish bilan ta’minlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

    Telekommunikatsiya infratuzilmasi yetib bormagan aholi maskanlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlash maqsadida optik tolali aloqa liniyalari qurilishiga alohida e’tibor qaratish va chekka hududlarda mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatish vazifalarini amalga oshirishni belgilab olindi.

    Mazkur yo‘nalishda 2020 yilda respublika bo‘yicha 12 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurish va 2 200 ta mobil aloqa baza stansiyalarini o‘rnatish belgilab olindi.

    Davlatimiz rahbarining Murojaatidan ko‘rinib turibdiki, hozirgi zamon taraqqiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shishdek ezgu maqsad yo‘lida yanada ko‘proq mas’uliyat bilan faoliyat olib borish jamoamiz burchimizdir.

    Xolicona aytganda, kelajak axborot texnologiyalari bilan chambarchas bog‘liq ekan, telekommunikatsiya infratuzilmasini taraqqiy ettirish hamda axborot texnologiyalarini hayotga izchil joriy etilishi ana shu maqsadga xizmat qiladi.

    Manba: Axborot xizmati