Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • TATU talabalari uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilindi.
    06.02.2020

    Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish zarur. Bu yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda. Yurtimizda raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish eng ustuvor vazifalarimizdan biridir.

    Bu jarayonda albatta yosh kadrlar, ularning intellektual salohiyatini oshirish, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni parallel ravishda olib borish muhim ahamiyatga ega. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ana shu masalaga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

    Xususan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchi talabalari ishtirokida “O‘zbektelekom” AK “Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi”da amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. “Metrologik ta’minot va zamonaviy telekommunikatsiya tarmoqlarida o‘lchashlar” mavzusida sayyor mashg‘ulotda talabalar malakali soha mutaxassislari bilan muloqot qilish va telekommunikatsiya sohasidagi bilimlarini yanada boyitish imkoniga ega bo‘ldilar.

    Tadbirda kompaniya vakillari tomonidan talaba yoshlarga sohada amalga oshirilayotgan ishlar, “O‘zbektelekom” AK va uning filiallari, xususan “Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi” filiali faoliyati haqida ma’lumot berildi.

    Amaliy mashg‘ulotlarda metrologik ta’minot tushunchasi, o‘lchashlarning hayotimiz va aloqa sohasida tutgan o‘rni haqida mulohaza yuritildi, o‘zaro fikr almashildi.

    “Nazariyadan amaliyotga” tamoyili asosida uyushtirilgan tadbirning ikkinchi qismida telekommunikatsiya sohasidagi yangi bilimlarga chanqoq yoshlar “O‘zbektelekom” kompaniyasining zamonaviy o‘lchash vositalari va qurilmalari bilan jihozlangan laboratoriyasi faoliyati bilan tanishib, u yerda o‘tkaziladigan o‘lchash jarayonlarida bevosita ishtirok etdilar.

    Bu yerda Rohde & Shwarz, Iwatsu, Acterna, JDSU, Anritsu, HP kabi jahonning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan asbob-usqunalarning qo‘llanilish sohasi, texnik tavsiflari haqida keng tushuncha berildi. Yuksak texnologiyalar yordamida tarmoqda foydalanilayotgan o‘lchash vositalarining qo‘llashga yaroqliligi bo‘yicha xulosa berilishi aytib o‘tildi. “O‘zstandart” agentligi tomonidan ushbu laboratoriyaning noyobligi tan olinib, u xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilgan holda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

    Amaliy mashg‘ulot davomida talabalarga optik tolali aloqa liniyalari tavsiflarini aniqlashning zamonaviy o‘lchash usullari namoyish etildi.

    Davra suhbatida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 3-yo‘nalishi doirasida qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

     

    Manba: Axborot xizmati