Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
  • Aloqa tarixi muzeyida bayram tadbiri o‘tkazildi
    01.09.2019

    31-avgust kuni Toshkentdagi Aloqa tarixi muzeyida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunkatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Mustaqilligimizning 28 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi.

    Tantanali tadbirda Prezidentimiz farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan sohaning to‘rt nafar vakili – «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori Nazirjon Hasanov hamda «O‘zbektelekom Interneyshnl» O‘zbek-Indoneziya qo‘shma korxonasi bosh direktori Gera Liga «Sodiq xizmatlari uchun» medali, «UNICON.UZ» davlat unitar korxonasi bo‘lim boshlig‘i Oydin Ahmedovaga «Shuhrat» medali, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali 4-bosqich talabasi Ahror Abdullayevga «Kelajak bunyodkori» medali, shuningdek, 67 nafar aloqa xodimlariga vazirlikning idoraviy mukofotlari topshirildi.

    Sohada «Biz – bir jamoa, biz – bir oilamiz» tamoyili ostida telekommunikatsiya, pochta, mobil aloqa, radiotelevideniye yo‘nalishlarida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan davr mobaynida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, mobil aloqa tizimini kengaytirish va shu kabi bir qator yo‘nalishlarda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Respublikamiz aholisi raqamli televideniye tizimi bilan to‘liq qamrab olindi. Mamlakatimiz hududlarida 5554 ta ijtimoiy soha ob’yektlarigacha 3 313 km.dan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ular yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanishi ta’minlandi.

    Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusning uchinchisi – Yoshlar va aholini zamonaviy axborot texnologiyalari sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida respublikaning 8 ta viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida jami 16 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi.

    Bugungi kunda yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi INHA universiteti safiga Hindistonning Amiti universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Toshkent shahridagi Amiti universiteti qo‘shildi. Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti bilan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida Axborot texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma fakultet tashkil etildi. Shuningdek, dasturiy mahsulotlar, startap loyihalarni amalga oshiradigan maydon sifatida poytaxtimizda IT-Park tashkil etilgani kelgusida bu yerda minglab yoshlarning istiqbolli kasbga ega bo‘lishlariga zamin yaratdi.

    «O‘zbekiston pochtasi» AJning pochta aloqasi ob’yektlarida axborot texnologiyalariga asoslangan 11 turdagi yangi xizmatlar, internet do‘kon orqali sotilgan tovarlarini yetkazib berish xizmatlari, sug‘urta polislarini sotish xizmati yo‘lga qo‘yildi. 14 ta hududiy filiallarda Gibrid pochta xizmati tashkil etildi.

    Respublikada internet xizmati sifatini oshirish hamda xizmatlar narxini kamaytirish maqsadida Xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s.ga yetkazilib, 2018-yil boshiga nisbatan 12 barobarga oshirildi. O‘z navbatida, operator va provayderlarga internet xizmatlarini taqdim etish uchun tarif 1 Mbit/s – 244 958 so‘mdan 70128,31 so‘mgacha tushirildi.

    Shuningdek, mamlakatimizda aloqa sifatini oshirish hamda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirish maqsadida joriy yilning o‘tgan 6 oyidavomida 6000 km.dan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurildi hamda keng polosali tarmoq sig‘imi 1,484 mln. portga yetkazildi, joylarda mobil aloqa tarmoqlari qamrov darajasini oshirish maqsadida, 3G va 4G texnologiyalariga urg‘u bergan holda, 800 dan ortiq qo‘shimcha mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatilib, ishga tushirildi. Bundan tashqari, ijtimoiy soha ob’yektlariga alohida e’tibor qaratilmoqda, xususan 2019-2021 yillarda 18 796 ta xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash vazirligi ob’yektlarini ma’lumotlarni uzatish tarmoqlariga ulash davomida «oxirgi milya» masalalari ham ijobiy hal etiladi.

    Soha vakillari Aloqa tarixi muzeyidagi eksponatlar bilan tanishishdi.

    Bayram tadbiridan videoreportaj: https://www.youtube.com/watch?v=vrXXAwTYAoY

    Manba: Axborot xizmati