Ishonch telefonlari
11-44 Barcha raqamlar
  • Prezident davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qarorni imzoladi
    12.04.2018

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yilning 11 aprel kuni "Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjatdan ko’zlangan maqsad aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish milliy tizimining sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarish, shuningdek 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini izchil amalga oshirishdir. 

    Qarorga ko‘ra, vazirlik 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda axborot tizimlarini, resurslari, ma’lumot bazalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish, shuningdek, davlat xizmatlari markazlarini zarur apparat-dasturiy komplekslari bilan jihozlanishini ta’minlaydi. Shuningdek, barcha davlat xizmatlari markazlari optik tolali aloqa liniyalariga ulanadi.

    Vazirlik tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birga ularning axborot va telekommunikatsiya tizimlari, ma’lumotlar bazalari, server va boshqa jihozlarini xatlovdan o‘tkazib, “Elektron hukumat” tizimi va Agentlikning axborot tizimlariga integratsiya qiladi, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy qiladi.

    Shuningdek, hujjat asosida vazirlik 2018 yilning 1 dekabriga qadar talab yuqori bo‘lgan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun ixtisoslashgan mobil ilovani ishlab chiqib, joriy etadi.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish mexanizmini joriy etishni ta’minlaydi.

    Shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan, qog‘oz shaklda saqlanayotgan ma’lumotlarni, elektron ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va idoralararo elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutgan holda, bosqichma-bosqich raqamli ko‘rinishga keltiradilar.

    Vazirlik 2018 yilning 1 sentabriga qadar telefon orqali kelib tushadigan murojaatlarni saqlash imkoniyatini yaratgan holda, qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash tizimini amalga tatbiq qiladi.

    Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha tartibotlar va byurokratik unsurlarning oldini olgan holda, ularni maqbullashtirish va elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalarining ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

    Qaror bilan vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatlarini o‘z vaqtida va sifatli yo‘lga qo‘yish uchun shaxsiy javobgarlik yuklatildi.

    Manba: Axborot xizmati