Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • «Vaqf» fondi uchun to‘lov tizimi va sayt ishga tushirildi
    14.06.2018

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416-son Farmoniga muvofiq, mamlakatimizda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etilgan edi. Fond oldiga masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator vazifalar qo‘yilgan.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Markaziy bank, Yagona umumrespublika protsessing markazi Jamoat fondi faoliyatining shaffofligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni amalga oshirdi.

    Xususan, vazirlik «National Engineering Technologies» (MBank savdo belgisi) bilan hamkorlikda pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, real vaqt rejimida fondga kelib tushayotgan mablag‘larni hamda xarajatlarni kuzatib borish imkonini beruvchi billing tizimini ishlab chiqdi.

    Bugungi kunda foydalanuvchilar mazkur billing tizimiga «Click» (3 mln. nafar foydalanuvchiga ega), «Payme» (taxminan 1 mln. nafar foydalanuvchiga ega), «MBank» (taxminan 500 ming nafar foydalanuvchiga ega) hamda «UPay» (taxminan 200 ming nafar foydalanuvchiga ega) to‘lov tizimlari orqali «Vaqf», «Zakot, fidya, fitr, ushr» hamda «Xayr-saxovat» kabi yo‘nalishlarda xayr-ehsonlarni amalga oshirishlari mumkin.

    Fondga pul o‘tkazmalarini naqd yoki plastik karta orqali amalga oshirishga mo‘ljallangan Toshkent shahridagi 12 ta masjidda bittadan, shuningdek Toshkent viloyatida joylashgan Zangiota ziyoratgohi hududida ikkita infokiosklar o‘rnatildi. Bunday to‘lov shakli o‘zini oqlaydigan bo‘lsa, O‘zbekiston bo‘ylab «Vaqf» fondiga xayr-saxovat to‘lovlarini yo‘naltiruvchi 4,5 mingta shunday to‘lov apparatlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

    Ta’kidlash joizki, to‘lov amalga oshirilgach, foydalanuvchiga tranzaksiyaning ID ma’lumotnomasi taqdim qilinadi. Foydalanuvchi www.vaqf.uz saytiga ushbu ID kodni kiritishi hamda to‘lovning Fondga qabul qilinganiga ishonch hosil qilishi mumkin.

    «Vaqf» fondi veb-sayti «UZINFOCOM» Yagona integratori tomonidan ishlab chiqilgan hamda www.vaqf.uz domenida sinov tartibida faoliyatini olib bormoqda. Sayt orqali Fond faoliyati, amalga oshirilgan tadbirlar hamda xayr-saxovat loyihalari xususida ma’lumot olish mumkin. Shu bilan birga, veb-saytda alohida pul o‘tkazmalari bo‘yicha hisobot jadval shaklida ham taqdim qilinadi.

    Manba: Axborot xizmati