Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Vazirlikning navbatdagi videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi
    12.06.2019

    12-iyun kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Unda joriy yilning aprel-may oylari davomida Surxondaryo, Fargʻona, Andijon va Toshkent viloyatlarida Vazirlikning ishchi guruhlari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari atroflicha muhokama qilindi.

    Videoselektor yigʻilishini Vazir Shuhrat Sodiqov olib bordi. Vazir oʻz nutqida mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish, koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatini yanada yaxshilash va turlarini koʻpaytirish, mobil aloqa qamrovini kengaytirish, shu bilan birga, olis va qishloq aholi maskanlarida, turistik hududlarda, magistral avtomobil va temir yoʻllari boʻyida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qator vazifalarni belgilab berdi.

    Hududlarda sohaga oid tizimli muammolar oʻrganilib, ularni muhokama qilish boshlaganidan keyin joylarda qator amaliy ishlar olib borilganligi, muhimi, ushbu oʻzgarishlarni sohadagi oddiy xodimlar hayotida seza boshlangani taʼkidlandi.

    Jumladan, hududlardagi mummolarni oʻrganishlar natijasiga koʻra bugunga qadar 1 750 km optik tolali aloqa liniyalari qurilgani, tuman va shaharlarda joylashgan 79 ta soha obyektlari joriy taʼmirlangani, aholiga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish maqsadida mavjud keng polosali portlarning umumiy soni muntazam oshirib borilayotgani eʼtirof etildi.

    Ayni paytda, yigʻilishda tizimdagi korxona va tashkilotlar, ularning hududiy boʻlinmalari tomonidan ijro intizomi nazoratini yanada sifatli va samarali tashkil qilish, soha korxona va tashkilotlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va hajmini oshirish, daromadlarni koʻpaytirish hamda ular faoliyatining moliyaviy barqarorligini taʼminlash boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.

    Yigʻilish tahliliy-tanqidiy ruhda oʻtdi.

    Anʼanaga koʻra yigʻilish yakunida uzoq yillar davomida soha rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh soha xodimlariga Vazirlik Tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʻalar topshirildi.

    Manba: Axborot xizmati