Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
  • O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida AKT sohasidagi hamkorlik istiqbollari
    07.08.2019

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida 1-avgust kuni dunyoga mashhur "Belarus" yuqori texnologiyalar parki faoliyati bilan tanishgandi.

    Bugungi kunda ushbu Yuqori texnologiyalar parki dasturlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun innovatsion yechimlar, konsalting va boshqa yo‘nalishlarda yetakchi markazlardan biriga aylangan. Bu yerda ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlarning 90 foizdan ziyodi eksport qilinmoqda, 67 mamlakat kompaniyalari ularning buyurtmachilari hisoblanadi.

    Davlatimiz rahbari uchrashuv chog‘ida mazkur texnopark rezidentlarini O‘zbekistonga taklif qildi hamda texnologik hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va tajriba almashish bo‘yicha aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikrlar bildirdi.

    O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida AKT sohasida hamkorlikning istiqbollari qanday? Bu savolga tashrif doirasida imzolangan kelishuvlar va o‘tkazilgan tadbirlardan javob izlab ko‘ramiz.

    Avval xabar berilganidek, Prezident tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi ham Belarusda bo‘ldi va ikki mamlakat AKT vazirliklari o‘rtasida bir qator muhim hujjatlar imzolandi.

    Milliy ko‘rgazma va forum Shu yilning 29-iyul-2-avgust kunlari Minsk shahrida O‘zbekiston-Belarus mintaqalararo forumi va "Made in Uzbekistan" sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, mintaqalararo O‘zbekiston-Belarus forumi tashkil etildi.

    Ushbu muhim tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida AKT vazirligining ishchi guruhi tarkibi tuzildi. Ishchi guruh "Made in Uzbekistan" ko‘rgazmasida AKT stendini tayyorlash va ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash bo‘yicha tashkiliy ishlarni amalga oshirdi.

    "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" milliy mahsulotlar ko‘rgazmasida vazirlik tomonidan tayyorlangan stendda uch yo‘nalishda xizmatlar namoyish etildi: raqamli infratuzilma, raqamli iqtisodiyot, davlat xizmatlari va AT-ta’lim.

    Kelishuvlar

    O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda dasturiy mahsulotlar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash doirasida qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, ikki mamlakat AKT vazirliklari o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi hamda sohadagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha Yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kirishildi.

    Tashrif davomida "EPAM Systems" kompaniyasi bilan kelishuv imzolandi. Uning doirasida AKT sohasidagi talabgir yo‘nalishlarda talabalar uchun masofaviy ta’lim kurslarini joriy etish belgilandi. Istiqbolda "EPAM Systems" kompaniyasida ishlash imkoniyati yaratilgan holda dasturning iqtidorli bitiruvchilarini kompaniya ofisida amaliyot o‘tash uchun jalb qilish to‘g‘risida ham kelishuvga erishildi.

    "Giprosvyaz" OAJ bilan imzolangan memorandumga ko‘ra qo‘shma loyihalash va tadqiqot ishlarini olib borish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarida standartlashtirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, DAB+ standartidagi raqamli radioeshittirishga o‘tish uchun radiochastota polosalarini qayta rejalashtirish va foydalanish samaradorligi masalalarini o‘rganish rejalashtirilgan.

    "Exadel Belarus" kompaniyasi bilan dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va amaliy kompyuter dasturlash tizimlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha Toshkent shahrida kompaniya filialini ochish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

    "ITTAS" kompaniyasi bilan imzolangan memorandum axborot xavfsizligi sohasida qo‘shma loyihalarni tayyorlash va hamkorlikdagi axborot xavfsizligi laboratoriyasini yaratish imkoniyatini beradi.

    "Sovershennыe sistemы" kompaniyasi bilan esa zamonaviy axborot xavfsizligi tizimlarini o‘rganish va loyihalash bo‘yicha "SoverSys-TUIT" o‘quv-amaliy markazini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

    Hamkorlik istiqbollari

    Hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan kompaniyalarni kelgusida O‘zbekistonga jalb qilish va ularni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki (IT-park) rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi o‘rganilmoqda.

    Qolaversa, shu yilning 23-sentyabridan 27-sentyabriga qadar Toshkentda bo‘lib o‘tadigan AKT Haftaligida o‘z mahsulotlari va dasturiy yechimlarini namoyish qilishi uchun Belarus kompaniyalarini taklif qilish, shuningdek, mahsulotlarning ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma zallarini tashkil etishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.

    Axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari ko‘lami tobora keng tus olishi kutilmoqda. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda "Xelsi Netvorks" kompaniyasi bilan hamkorlikda nafas olish tizimi kasalliklarini aniqlash va monitoring qilish uchun mobil ilova yaratish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda Innovatsiya vazirligi tomonidan "Rozum Robotics" MChJ bilan muzokaralar olib borish va robototexnika sohasidagi innovatsion mahsulotlarni o‘rganish, uzoq muddatli ehtiyojlar va texnologik rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda kelgusida hamkorlik qilish bo‘yicha aniq takliflarni tayyorlash maqsad qilingan.

    Xulosa qilinganda, O‘zbekiston va Belarusning AKT sohasidagi hamkorligi shu bilan chegaralanib qolmaydi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ta’kidlaganidek, "O‘zbekiston keyingi uch yilda iqtisodiyot tarmoqlarini nafaqat modernizatsiya qilyapti, balki turli sohalarda inqilobiy o‘zgarishlarni amalga oshiryapti, yangi yo‘nalishlarni hayotga tatbiq etyapti. Bu esa yanada samarali hamkorlikka umid bag‘ishlaydi".

    Manba: Axborot xizmati