eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Raqamli texnologiyalarning joriy etilishi taraqqiyot poydevori
    27.05.2020

    Jahon iqtisodiyoti global pandemiya sharoitida tarmoqlarning o‘zgarishi, bu jarayonning raqamlashuvi, mobillashuvi, barcha sohalarga sun’iy intelektning joriy etilishi bilan bog‘liq muhim davrni boshdan kechirmoqda. BMT tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilga kelib, dunyo bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning qariyb chorak qismi raqamli texnologiyalarga bog‘liq bo‘lib qolishi prognoz qilinayotgan hozirgi sharoitda, bu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish eng to‘g‘ri strategik yo‘nalish hisoblanadi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan parlamentga yo‘llangan Murojaatnomada ta’kidlanganidek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish O‘zbekiston uchun kelgusi yillarda eng dolzarb va ustuvor yo‘nalishlardan biri. Yurtimizda 2020 yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilingani ham bejiz emas. 2020 yilda AKT sohasida bir qator yirik loyihalar amalga oshiriladi.

    2020 yil 28 aprelda “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida raqamli iqtisodiyot bilan shug‘ullanadigan yaxlit tizim yaratildi. Jumladan, “Elektron hukumat”, iqtisodiyot tarmoqlari va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, IT parklarni tashkil etish va boshqarish kabi vazifalar to‘liq vazirlik vakolatiga o‘tdi. Shu bilan birga, qarorda yangi loyihalarning moliyaviy manbalari ham aniq ko‘rsatilgan. “Elektron hukumat” doirasida 1,3 trillion so‘mlik 104 ta loyiha, iqtisodiyotning real sektorida 5,3 trillion so‘mlik 87 ta loyiha, telekommunikatsiyalar borasida 15,1 trillion so‘mlik 35 ta, agrar sohada 24 ta, IT parklar bo‘yicha 18 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga davlat idoralari ma’lumotlar bazasini tasniflab, ularni idoralararo integratsion platformaga ulash, elektron hamkorlikning yagona texnologik talablarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

    Manba: Axborot xizmati