Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Raqamli iqtisodiyotga oid so‘z va atamalarni bilasizmi?
    16.07.2020

    Ayni paytda qaysi sohaga nazar tashlamang, “raqamli” so‘ziga duch kelasiz. Bugungi kun talabi shunday. Sohani rivojlantirmasangiz, uning kelajagini o‘ylamasangiz, unga eng so‘nggi rusumdagi texnik-uskunalarni, dasturiy mahsulotlarni joriy qilmasangiz, ishchi-xodimlar uchun kundan-kun qulay shart-sharoit yaratib bermasangiz, imkoniyat darajasida faoliyatingizda inson omilini kamaytirib bormasangiz, raqobatga bardosh berolmay, o‘z-o‘zidan chetga chiqib qolasiz. Sizning chetga chiqishingizning ortida esa qanchadan qancha inson taqdiri turganligini his qilib yashash zarur. Shunday ekan hozirda har bir rahbar bu borada yanada chuqurroq o‘ylashi talab qilinadi.

    Ayni paytda ijtimoiy hayotning har bir sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishi natijasida raqamli iqtisodiyotning roli yildan-yilga ortib bormoqda. “Raqamli iqtisodiyot”ning yaralishi va taraqqiy etishi yangi texnologiyalarning rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu ikki mavzuni bir-biridan ajratish mumkin emas. Axborot texnologiyalarini rivojlantirish “raqamli iqtisodiyot”ni qurish uchun zarur negizni yaratadi.

    Xo‘sh, bugun juda ko‘p gapirayotganimiz raqamlashtirish o‘zi nima? Raqamlashtirish bu – hayotning turli sohalariga, jumladan iqtisodiyot, ta’limning barcha bosqichlari, madaniyat, tibbiyot, turizm, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va boshqa jarayonlarga raqamli texnologiyalarni joriy qilishdir.

    Raqamli iqtisodiyot esa raqamli texnologiyalarga asoslangan elektron biznes va elektron tijorat bilan chambarchas bog‘liq iqtisodiy faoliyat hamda shu faoliyat natijasida ishlab chiqariladigan va sotiladigan raqamli tovarlar va xizmatlar yig‘indisi. Raqamli iqtisodiyotining izchil rivojlanishining birinchi va eng muhim omili — zamonaviy AKT-infratuzilmani yaratishdir.

    Axborot-texnologik platformalarda faoliyat ko‘rsatadigan raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda, bu esa shunday platformalarning yangi modellarini yaratish zaruratini taqozo etmoqda.

    Raqamli iqtisodiyot” jamiyat hayotining barcha sohalarida, jumladan, iqtisodiyot sohasida ham muhim rol o‘ynaydi.

    Raqamli iqtisodiyot sohasida qo‘llanilayotgan so‘z va atamalar hammaga ham birdek tushunarli emas. Bu esa, o‘z navbatida, mazkur sohaga oid lug‘at yoki qo‘llanma yaratishni talab qildi. Shu sababli ham Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “UNICON.UZ” – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi Davlat unitar korxonasi tomonidan “Raqamli iqtisodiyotga oid atamalarning ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘ati” yaratildi.

    Mazkur lug‘at raqamli iqtisodiyotda mavjud atamashunoslikni umumlashtirishga qaratilgan bo‘lib, albatta, hali yetarlicha mukammal bo‘lmagan urinish bo‘lib hisoblanadi.

    Mazkur lug‘at nafaqat virtual reallik, bitkoin va blokcheynlar to‘g‘risidagi atamalar izohini, balki moddiy buyumlar – platformalar, aloqa liniyalari, Ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, logistika kabi atamalar izohini ham o‘z ichiga oladi. Ularsiz eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy tizimlar, xususan, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimida masofadan o‘qitish, yo‘l harakati xavfsizligi, uy-joy kommunal xo‘jaligi, davlat boshqaruvi va axborot texnologiyalarining “raqamli iqtisodiyoti” rivojlanishi mumkin emas.

    O‘zbekistonda Hukumat Qarori bilan “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirishning “Aqlli uy”, “Buyumlar interneti”, “Xavfsiz yo‘llar”, “Aqlli shahar”, “Aqlli tibbiyot” kabi yangi raqamli, fuqarolarimiz uchun qulay muhit yaratilishini nazarda tutadigan loyihalarni keng miqyosda amalga oshirishning tayanch infratuzilmasi barpo etilmoqda.

    “Raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish va rivojlantirish muammolari, zamonaviy iqtisodiyotni “raqamli iqtisodiyot”ga aylantirish uning yuqoridagi kabi ko‘plab ta’riflari mavjudligi va uning yagona talqini yo‘qligi to‘g‘risida xulosa chiqarish imkonini berdi.

    “Raqamli iqtisodiyot”ga Internet, uyali aloqa, axborot-kommunikatsiya va boshqa zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bilan bog‘liq iqtisodiy munosabatlarning bir qismi sifatida qaraladi.

    “Raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish jarayoni iqtisodiyotda qo‘shimcha qiymat yaratishning barcha bosqichlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Internetni joriy etish hisobiga yangi texnologik darajaga o‘tish bo‘yicha kompleks vazifalardir. Ushbu jarayonning asosiy maqsadi va vazifalari fuqarolarning turmush sifatini yaxshilash, iqtisodiyotning raqobatbardoshliligi va samaradorligini oshirish, uning eksport salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, transport sohasi, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, uy-joy-kommunal xo‘jaligi, moliyaviy xizmatlar bozori va “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirishning shu kabi ustuvor yo‘nalishlarini belgilash zarur.

    Ham mutaxassislar uchun, ham boshlovchi foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan ushbu lug‘at, “UNICON.UZ” – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasi Atamashunoslik va lug‘atlar xizmati xodimlari, shuningdek, boshqa mutaxassislarining birgalikdagi mehnati samarasidir.

    Lug‘at alifbo tartibida joylashtirilgan 430 taga yaqin atamani o‘z ichiga oladi. Lug‘atda rus va o‘zbek tillaridagi atama va ta’riflar hamda atamalarning ingliz tilidagi muqobillari ifodalangan. Masalan:

    virtual bank - Internet tarmog‘i yordamida mijozlarga xizmat ko‘rsatishni amalga oshiradigan bank.

    xavfsiz elektron bitim - Internetda plastik kartalar bo‘yicha hisob-kitoblar bilan bog‘liq tranzaksiyalarni qayta ishlashda foydalaniladigan himoyalangan elektron tranzaksiyalar standarti.

    billing - Telekommunikatsiyalar korxonalaridagi telekommunikatsiyalar xizmatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi axborotni to‘plash, ularning tarifikatsiyasi, abonentlarga hisob-kitoblarni chiqarib berish, to‘lovlarni qayta ishlash uchun mas’ul bo‘lgan jarayonlar va qarorlar kompleksi.

    blokcheyn - 1. Taqsimlangan ma’lumotlar bazasini (yagona markazsiz) tuzish metodologiyasi. Bunda har bir yozuv foydalanish tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘z ichiga oladi, bu esa uni (ma’lumotni) soxtalashtirish imkoniyatini qiyinlashtiradi. Blokcheyn virtual valyuta tizimlarida operatsiyalarni bajarish (pul birliklarini ishlab chiqarish, o‘tkazmalar) va ularning tarixini saqlash uchun qo‘llaniladi.

    2. Keyinchalik o‘zgartirish imkoniyati bo‘lmagan bog‘langan bloklarning ketma-ketligi ko‘rinishida tizimlangan tranzaksiyalarni markazlashtirilmagan holda saqlash va qayta ishlash algoritmlari va protokollari.

    3. Ichida axborot bo‘lgan bloklarning muayyan qoidalar bo‘yicha qurilgan uzluksiz ketma-ket zanjiri.

    kriptografiya - Axborotni yashirish maqsadida, kodlar va shifrlarni yaratish uchun matematikadan foydalanish. Bitkoinlar tranzaksiyasini tasdiqlash va ta’minlash uchun foydalaniladigan matematik amallarning asosi sifatida qo‘llaniladi.

    Bu kabi misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin.

    Ijodiy jamoa lug‘at bugungi kun uchun zarur qo‘llanma deb hisoblaydi va har bir foydalanuvchi uchun faoliyatida samara beradi, degan umidda.

     

    Nurulla Abdullayev,

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini

    rivojlantirish vaziri maslahatchisi

    Manba: Axborot xizmati