O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘onaga tashrifi doirasida Marg‘ilonda raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi.
Marg‘ilonda raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochilish tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojantirish vaziri Sh. Sodiqov ishtirok etdi.
Ikki qavatli, jami 3100 kvadrat metr maydonni egallagan bu ko‘rkam binoda 120 ta ish o‘rni yaratilgan. Markazda o‘rta maktablarning 7 va 11-sinf o‘quvchilari, axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlar, talabalar shu yo‘nalishlarda o‘qitiladi. Kelgusida ular Farg‘ona viloyatida ochiladigan IT-Park filialida ishlashlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur markazda davlat tashkilotlari xodimlari hamda maktablarning axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarining AKT bo‘yicha malakasi oshirib boriladi.
Umuman olganda, 2020-2021 yillarda viloyatda shunday 19 ta markaz ochilishi rejalashtirilgan, jumladan, joriy yilning o‘zida Dang‘ara, Bag‘dod Rishton tumanlari va Farg‘ona, Qo‘qon va Quvasoy shaharlarida raqamli texnologiyalar markazlari ishga tushiriladi.
Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yishda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati va mutaxassislari, soha korxona hamda tashkilotlari xodimlarining xizmati katta bo‘ldi.