Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT rivoji kadrlar salohiyatiga bog‘liq
    05.08.2020

    Yangilanayotgan O‘zbekiston o‘z oldiga bugun shunchaki rivojlanishni emas, balki jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida eng kuchli davlatlar qatoridan o‘rin olishni asosiy marra qilib qo‘ygan. Buni oldindan ko‘ra bilgan, his qilgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yildagi parlamentga Murojaatnomasida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shartligi, bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini berishi, zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib borayotganligiga alohida e’tibor qaratdi.

    Shuningdek, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishi, biroq qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishishimiz zarurligi, shu bois raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish kelgusi besh yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri sifatida belgilab berildi. Chunki raqamli texnologiyalar mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, eng og‘ir illatlardan biri – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham ular samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.

    Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy soha rivojlanishiga xizmat qilishi qatorida odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkinligini o‘tgan qisqa fursat ko‘rsatib berdi. Bu borada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan so‘nggi ikki yil ichida bir qator yo‘nalishlarda kompleks ishlar olib borildi.

    Raqamli iqtisodiyot izchil rivojlanishida bilimli hamda intellektual rivojlangan avlodni voyaga yetkazish, ularni mustaqil fikrlaydigan, qat’iy fuqarolik pozitsiyasiga ega insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ham hisoblanadi.

    Har bir yangi sohada bo‘lgani kabi raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida ham malakali kadrlar masalasi ustuvorlik kasb etadi. Tan olish kerakki, bu muammo har doim ham dolzarb bo‘lib kelgan. Shu o‘rinda bir misol keltirib o‘tsak. Ayni paytda vazirlik va idoralarda rahbarning aynan raqamlashtirish yo‘nalishidagi o‘rinbosarlari lavozimlari joriy qilinmoqda. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantrish vazirligi mana shu lavozimlarga tajribali mutaxassislarni tavsiya qilish, kerak bo‘lsa, ta’minlash uchun javobgardir. Vazirlik mamlakat miqyosida barcha sohalarda raqamlashtirishga mas’ul bo‘lib, ba’zi holatlarda o‘zi uchun professional mutaxassis zarur bo‘lib turgan bir paytda bu bo‘shliqni nimaning hisobiga to‘ldirish zarur? Buning uchun nimalar qilish kerak? Buning ham yechimi topildi, unga mustahkam poydevor qo‘yildi.

    Barchaga ma’lumki, Prezidentimiz g‘oyasi bilan bugun respublika bo‘ylab yoshlarga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish maqsadida «Beshta muhim tashabbus» amalga oshirilmoqda. Ana shu tashabbusning uchinchisi — aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish doirasida hududlarda 32 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etildi. Bugungi kungacha jami 7,2 mingdan ortiq tinglovchi o‘quv kurslarini yakunlagan.

    Kelgusida o‘quv markazlaridan tashqari «Ishga marhamat» monomarkazlarida va IT-Park filiallarida yoshlarga raqamli texnologiyalarni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar ham tashkil etiladi.

    O‘z navbatida yoshlarni, umumta’lim maktab o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilariga dasturlash asoslarini o‘qitishga yo‘naltirilgan «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 69 mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ulardan 5,8 ming nafari kurslarni muvaffaqiyatli tugatdi.

    Hammaga ma’lumki, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning eng samarali yo‘li — ularni bolalik paytidan boshlab o‘rgatishdir. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi.2019 yil dekabr oyida ushbu o‘quv dargohining zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda matematika va xorijiy tillardan muvaffaqiyatli imtihon topshirgan 680 nafar o‘g‘il-qiz maktabning 5-11 sinflarida ta’lim olmoqda.

    Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining ta’lim sohasida ham katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab universitet zamonaviy ta’limning kredit modul tizimiga o‘tkazildi va hozirgi kunda bu tizimda 9 609 nafar talaba o‘qiyapti. Universitet tuzilmasida O‘zbek—Belarus qo‘shma fakulteti ham tashkil etildi. Bundan tashqari Universitetda Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkilotining (JICA) 1,6 million dollar miqdoridagi texnik granti hisobiga zamonaviy o‘quv mediamarkazi ochildi. Mediamarkazda videokontentni tasvirga olish va ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyat mavjud.

    Prezidentimizning 2019 yil 7 yanvardagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahridagi Amiti universiteti 2019 yilning sentyabr oyidan o‘quv yilini ochdi.
    Toshkent shahridagi Amiti universitetiga bakalavr va magistrlik darajasi uchun axborot texnologiyalari, muhandislik va kompyuter texnologiyalari, iqtisodiyot, turizm boshqaruvi, biznes boshqaruvi yo‘nalishlari bo‘yicha qabul amalga oshirildi. Mazkur davr mobaynida xalqaro aloqalarni rivojlantirish yo‘lida Toshkent shahridagi Inha universiteti ham samarali ish olib bordi.

    Shu o‘rinda yana bir mulohaza, yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlar va yuqori darajadagi kasbiy malakaga ega bo‘lish uchun shaxs o‘z oldiga muayyan maqsadni qo‘ya olishi hamda unga erishish yo‘lida tinimsiz izlanishi, o‘qib-o‘rganishi lozim. Shundagina u ijtimoiy raqobatga chidamli, malakali kadr bo‘lib shakllanadi.
    O‘z-o‘zini anglash tuyg‘usiga ega bo‘lish, yaratib berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalana olish, kasbiy bilimlarni puxta o‘zlashtirishga erishish shaxsga yetuk mutaxassis bo‘la olishi uchun poydevor yaratadi. Inson kamoloti, eng avvalo, uning o‘ziga bog‘liqdir. Axborot texnologiyalari sohasi shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan yo‘nalish, bu yo‘lni tanlagan inson esa doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi, innovatsion texnologiyalarini o‘zlashtirib borishi lozim.

    Manba: Axborot xizmati