Yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersportni ommalashtirish, bu sohada mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida yurtimizda bosqichma-bosqich raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil qilinmoqda.
Mazkur o‘quv markazlaridan yana biri Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida ochilib, o‘z ish faoliyatini boshladi. O‘quv markazi Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan to`rtinchi o‘quv markazi hisoblanadi.
Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi, tuman hokimligining rahbar va xodimlari, mehnat faxriylari hamda yoshlar ishtirok etishdi.
Mazkur markaz zamonaviy kompyuter jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, kompyuterdan samarali foydalanish, dasturlash, veb dizayn, kompyuter grafikasi asoslari kabi ixtisoslashgan o‘quv kurslarni tashkil etish uchun mo‘ljallangan. Shu bilan birgalikda o‘quv markazida tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari va xodimlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakasini oshirishi rejalashtirilgan.
Manba: Axborot xizmati