Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “Digital City” — yoshlar uchun yangi imkoniyatlar maskani
    24.06.2020

    Mazkur maqolada Andijon shahrida IT-Park filiali — zamonaviy “Digital City” to‘g‘risida ma‘lumotlar va IT-tadbirkorlar uchun qanday imkoniyatlar yaratilganligi ko‘rsatib berilgan.
     

    Raqamli texnologiyalar

     

    Jahon iqtisodiyoti global pandemiya sharoitida tarmoqlarning o‘zgarishi, raqamlashuvi, mobillashuvi, barcha sohalarga sun’iy intellektning joriy etilishi bilan bog‘liq muhim davrni boshdan kechirmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilga borib, dunyo bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning qariyb chorak qismi raqamli texnologiyalarga bog‘liq bo‘ladi. Shu bois, hozirgi sharoitda bu boradagi ishlarni jadallashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish eng to‘g‘ri strategik yo‘nalish hisoblanadi.

    Andijon viloyatida beshta muhim tashabbusning uchinchisi doirasida aholi, shu jumladan, yoshlar uchun kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni o‘rgatishga mo‘ljallangan hamda zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan Andijon “Digital City” texnoparki tashkil etildi.

    5,6 gektar maydonda qad rostlagan to‘rt qavatli majmua faoliyati axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Hozirgi kunda bu yerga 328 nafar mutaxassis jalb etilgan.

    Texnoparkda yoshlar, tadbirkorlar, yangi hunar o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun zarur qulayliklar yaratilgan.

    Jumladan, kovorking markazi, data-sentr, konferenszal, kutubxona, innovatsion laboratoriya va o‘quv xonalari, biznes inkubator, mediamarkaz, kibersport xonasi tashkil etilgan.

    Texnoparkda yangi axborot texnologiyalari sohasiga doir ellikdan ortiq korxona faoliyat yuritishi mumkin. Majmuada korxonalarga o‘z faoliyati uchun zarur infratuzilma hamda ofis maydonlari taqdim etilib, moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi.

    Markazda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish hamda viloyatdagi 7447 ta fermer xo‘jaligining 181 ming gektar yer maydonida joylashgan ekinlar holatini sun’iy yo‘ldosh yordamida monitoring qilish orqali yer egalariga tegishli xulosalar beriladi.

    Texnopark rezidentlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya aloqalari o‘rnatiladi. Rezidentlar tomonidan viloyatdagi Andijon davlat universiteti, Andijon qishloq xo‘jaligi hamda mashinasozlik institutlari talabalari uchun turli amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya darslari o‘tiladi.

    Ushbu tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2022 yil yakuniga qadar yuqori ko‘rsatkichlarga erishish ko‘zda tutilgan. Masalan, mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Masofadan turib axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatuvchi 120 nafar frilanser faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Raqamli texnologiyalar va dasturlash asoslari bo‘yicha 40 mingdan ortiq talaba va yoshlar o‘qitiladi. Shuningdek, ellik yo‘nalishda moliya, qishloq xo‘jaligi, elektron tijorat, mashinasozlik sohalarida startap loyihalar amalga oshiriladi.

    Besh yuzdan ortiq yoshlar ishtirokida dasturlash, robototexnika, 3D arxitektura, kibersport yo‘nalishida amaliyot o‘tkazilishi, 1,5 mingdan ortiq davlat tashkilotlari xodimlarining axborot texnologiyalari bo‘yicha malakasini oshirish rejalashtirilgan.

    Andijon viloyatidagi qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bank hamda boshqa sohalarda raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, Hindiston, Belarus Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi texnoparklari hamda AQShdagi IT-Park vakolatxonasi bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish natijasida 2022 yilda umumiy xizmat ko‘rsatish hajmi 50 milliard so‘mga yetkaziladi.

    Axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish maqsadida ishlab chiqilgan “Digital City” loyihasi mohiyatiga ko‘ra, Toshkentdagi IT-parkdan so‘ng tashkil etilgan ikkinchi yirik majmuadir.

    Ikki yilda 16 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochiladi

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida doimiy ravishda yangiliklarga qo‘l urmoqda.

    Xususan, Andijon viloyatida joriy yil yakuniga qadar 6 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi, 2021 yil oxirigacha barcha shahar va tumanlarda jami 16 ta IT-markaz ochilishi rejalashtirilgan hamda yiliga 5 mingdan ziyod yoshni o‘qitish va informatika fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish imkoniyati yaratiladi. 2020 yil so‘ngiga qadar viloyatdagi 764 ta maktabning 19,2 ming nafar 7–11 sinf o‘quvchisini “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘qitish va o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga onlayn (sirtqi) o‘qishga qabul qilish belgilangan.

    Shuningdek, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Andijon “Digital City” texnopark rezidentlari ishtirokida turli amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya darslari o‘tkaziladi. Qo‘shma loyihalar, frilans hamda startap loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning natijasida 2022 yil yakuniga qadar Andijon viloyati bo‘yicha AKTga ixtisoslashgan 4 mingdan ziyod malakali mutaxassis tayyorlanadi va yangi ish joylari yaratiladi.

    Tashkiliy, moliyaviy va inson resurslari tejaladi

    Andijon texnoparkida ekin maydonlarini sun’iy intellekt yordamida boshqarish bo‘yicha innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu tajriba (pilot) loyiha qishloq xo‘jaligi yerlari va ularda yetishtiriladigan ekinlar holatini sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish orqali tezkor va aniq baholash imkonini beradi. Loyiha doirasida Andijon viloyatidagi 6 ta maydon tanlab olinib, vektor formatida “Monterra” onlayn platformasiga joylashtirildi. Shuningdek, yer egalariga sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari yordamida ekinlar holatiga qarab, tegishli xulosalar beriladi.

     

    Risolat Madiyeva,

    "Yangi O'zbekiston" muxbir

    Mazkur maqola “Yangi O'zbekiston gazetasida 2020 yil 24-iyun kuni, 114-sonida chop etildi.