Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Qat'iy intizom, tashabbuskorlik va mehnatsevarlik — iqtisodiy taraqqiyotning ajralmas qismi
    01.05.2021

    2021-yil 1-may kuni “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 87-sonida AKT vaziri Sh. Sodiqovning “Qat'iy intizom, tashabbuskorlik va mehnatsevarlik — iqtisodiy taraqqiyotning ajralmas qismi” nomli maqolasi chop etildi. 

    Mazkur maqolada AKT vazirligi tizimidagi tashkilot va korxonalarda ijro intizomini mustahkamlash, ularning faoliyat samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan zamonaviy yondashuvlarni joriy etishda Vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritilgan. 

    Materialning gazeta ko'rinishdagi varianti.

     

    Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda

    “Qat’iy intizom, tashabbuskorlik va mehnatsevarlik — iqtisodiy taraqqiyotning ajralmas qismi”

    Bugun barcha sohalarni tubdan isloh qilish va ularni rivojlantirish uchun yangicha yo‘nalish va samarali tizimlar, zamonaviy boshqaruv usullarini amaliyotga joriy etish, murakkab sharoitlarda davlat qurilishining serqirra vazifalarini amalga oshirishda tezkorlik, tashabbuskorlik bilan yondashishga katta e’tibor qaratilmoqda.

    Ijro-intizomi bilan o‘z ish faoliyatini yurita olgan har bir davlat organi belgilangan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida samarali tarzda amalga oshira oladi. Bugungi kunda davlat organlariga kelib tushayotgan har bir hujjatni ro‘yxatga olishdan tortib, uning ijro muddatini belgilashgacha mas’uliyat bilan yondashishda ijro intizomi muhim ahamiyatga ega. Bu esa, o‘z navbatida har bir hujjatning vaqtida ijro etilishini ta’minlaydi.

    Barcha sohalar qatori, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida ham hujjatlar bilan ishlashni to‘g‘ri tashkil etish va ijro intizomini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ijro intizomini mustahkam yo‘lga qo‘yish maqsadida hukumatimiz tomonidan elektron hujjat aylanish tizimi tashkil etilgan.

    Bugungi kunga qadar, ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, boshqaruv apparatining barcha bo‘g‘inlarida tashkilotchilik, ijro va nazorat faoliyatini takomillashtirish, rahbarlar va mutaxassislarning ijro intizomini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari hamda Hukumat qarorlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan shaxsiy javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvarda “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 12-son qarori qabul qilingan.

    Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari ijrosini tashkil etish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilishning asosiy qoidalari belgilab berilgan bo‘lib, mazkur qoidalar ijro intizomining poydevori hisoblanadi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi hamda ijro intizomini yanada mustahkamlash maqsadida davlatimiz rahbari tomonlaridan 2017 yil 11 aprelda PQ–2881-sonli alohida qaror qabul qilinib, ayni yo‘nalishda yangicha yondashuvlar belgilab berildi. Shuningdek, mazkur qaror asosida ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustdagi “Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-5017-son farmoyishi qabul qilingan.

    Ijro intizomini mustahqamlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarning ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida davlatimiz rahbarining 2018 yil 5 oktyabrdagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3962-sonli yana bir muhim qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazorat olib boruvchi mas’ul davlat organi belgilab berildi.

    Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishning ta’sirchan tizimini yaratish, shuningdek, 2016 – 2021 yillarda tasdiqlangan tarmoq va hududiy rivojlanish dasturlarida belgilangan maqsadlarga erishishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari hamda barcha darajalardagi hokimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida joriy yil 10 fevralda davlatimiz rahbari tomonidan “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6166-son Farmon imzolandi.

    Farmon bilan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning mutlaqo yangi tizim joriy qilindi.

    Hozirgi kunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda va quyidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi:

    birinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar loyihalari tayyorlanishi ustidan shaxsiy nazoratni tashkil etish;

    ikkinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrochilarga tezkor yetkazilishi, shu jumladan, ularda qo‘yilgan vazifalarning mohiyati va ahamiyatini axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi xodimlari o‘rtasida tushuntirish, nazorat bandlari va topshiriqlarda aniq mexanizmlar, muddatlar va mas’ullar belgilanishi bo‘yicha “yo‘l xaritalari” (harakat rejalari) o‘z vaqtida ishlab chiqilishi ustidan shaxsiy nazoratni ta’minlash;

    uchinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi amalda nazorat qilinishini shaxsan tashkil etish, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida o‘z vaqtida hisobot berilishiga alohida e’tibor qaratish;

    to‘rtinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar o‘z vaqtida, to‘liq va natijali ijro etilishi shaxsan tanqidiy tahlil qilinishini ta’minlash, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish va mo‘ljallangan maqsadlarga erishish.

    Bundan tashqari, Vazirlik Hay’ati qarori bilan Farmon ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishining nazoratini yurituvchi ishchi guruh tarkibi shakllantirish, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibini belgilash, ishlarni tashkil qilish va ijro intizomini mustahkamlashning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish yuzasidan harakatlar rejasi tasdiqlandi.

    Vazirlikka kelib tushayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha haftaning dushanba kuni – vazir huzurida va juma kuni – vazir o‘rinbosarlari tomonidan shaxsan mas’ul ijrochilar bilan muhokama o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

    Farmon talablari hisobga olingan holda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni ijro etish holatini kompleks o‘rganish o‘tkazildi hamda o‘rganish yakuni bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va muammoli masalalarni joyida hal etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi.

    Ta’kidlash joizki, vazirlikning nazorat tizimiga mas’ul bo‘linma tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi uchun mas’ul ijrochilar bilan muntazam ravishda nazorat o‘rnatilib, topshiriqlarning ijro holati, o‘z vaqtida bajarilishida kechikish xavfi yuzaga kelgan muammoli masalalar, topshiriq ijrosini amalga oshirishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yayotgan mas’ul ijrochilarga qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rish yuzasidan takliflar kiritib borilmoqda.

    Ijro intizomini yanada mustahkamlashda zamonaviy boshqaruv uslublarini amaliyotga joriy etish, nazorat qilish va ijroni tekshirish shakllarini takomillashtirish muhim omil sanaladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda topshiriqlarini ijroga qaratish, ushbu hujjatlar bo‘yicha o‘z qarorlarini ishlab chiqish va ularni tizimdagi tuzilmalarga yetkazish hamda ijrosi ustidan nazorat o‘rnatish borasida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

    Vazirlik tizimidagi “UNICON.UZ” davlat unitar korxonasi tomonidan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi ishlab chiqilib, 246 ta vazirliklar, idora, mahalliy ijro hokimiyati organlari, ularning 4 mingdan ortiq bo‘linmalari ushbu tizimga ulanishi ta’minlandi hamda 28 mingdan ortiq xodimlarga mazkur tizim orqali ma’lumotlar almashish imkoniyati yaratildi.

    “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali elektron hujjat almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, qonunchilik hujjatlari

    va topshiriqlar o‘z vaqtida ijro etilishining nazorati olib borilmoqda.

    Hozirda mazkur tizim yuqorida aytib o‘tilgan Farmon talablari asosida takomillashtirilmoqda.

    Vazirlik tizimida ish jarayonlarini optimallashtirish maqsadida markaziy apparat va uning hududiy boshqarmalariga “mitc.ijro.uz” elektron hujjat aylanish tizimi o‘rnatilib, barcha xodimlar tizimga to‘liq ulandi va hujjat almashinuvi ushbu tizim orqali amalga oshirib kelinmoqda. Shuningdek, vazirlik tizimidagi barcha tashkilotlar va ularning hududiy bo‘linmalari ham mazkur tizimga ulangan.

    Vazirlikka kirim qilinayotgan barcha hujjatlar faqat elektron pochta va ye-xat himoyalangan pochtalar orqali qabul qilinmoqda. Qabul qilingan hujjatlar elektron ro‘yxatdan o‘tkazilib “mitc.ijro.uz” tizimiga kiritilmoqda va bu faoliyat samaradorligi va natijadorligini yanada oshirmoqda.

    Shuningdek, “mitc.ijro.uz” tizimida ichki hujjatlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, chiquvchi xat, buyruq va farmoyishlar ushbu tizimda elektron tayyorlanib, tegishli bo‘limlar bilan elektron kelishib rahbariyat tomonidan elektron tasdiqlanadi.

    Ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshirilishi tizimning qulay va afzalligidir. Tizim orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjat va topshiriqlari, ularning bajarilish holati, ya’ni nechta topshiriq bajarilgan, bajarilmoqda, muddati o‘tgan va tasdiqlash jarayoni kabi hisobotlarni ijrochilar kesimida shakllantirish imkoniyati mavjud.

    Vazirlik tomonidan 2020-2021 yilning quyi tizim tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, qarorlari, farmoyishlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari ijrosi bo‘yicha jami 14 ta (2020 yilda 11 ta, 2021 yil 1-choragida 3 ta) maqsadli va kompleks o‘rganishlar o‘tkazilgan.

    Ish yuritish va ijro intizomini buzganligi uchun jami 16 nafar (2020 yilda 15 ta, 2021 yilning o‘rganish kuni davomida 1 ta) mansabdor shaxs va mutaxassislarga nisbatan qat’iy intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

    Shu bilan birga, ijro intizomi masalasi Vazirlik Hay’ati yig‘ilishida muntazam ko‘rib borilmoqda.

    Vazirlikka kelib tushayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, ijrosi kechikkan yoki kechikish ehtimoli bo‘lgan topshiriqlar bo‘yicha haftaning dushanba kuni – vazir huzurida va juma kuni – vazir o‘rinbosarlari tomonidan mas’ul ijrochilar bilan videokonferens aloqa tizimi orqali mavjud muammoli masalalar yuzasidan muhokamalar o‘tkazilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.

    Qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini haftaning belgilangan kunlari onlayn shaklda soha xodimlariga yetkaziladi. Shu bilan birga, haftalik o‘quv soatlari o‘tkazilib, natijasi Vazirlik va uning tizimidagi korxona, muassasa va tashkilotlarning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlariga joylashtiriladi.

    Birgina, 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida, Vazirlik tomonidan har haftaning juma kuni jami 20 marta, Vazirlik tizimidagi 20 ga yaqin korxonalar tomonidan har haftaning chorshanba va payshanba kunlari 20 martadan, jami 420 ga yaqin haftalik onlayn huquqiy o‘quv soatlari o‘tkazildi. Natijada soha xodimlariga 23 ta O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari, 23 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, 84 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, 152 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlarining mazmun- mohiyati ko‘rgazmali-taqdimot materiallari asosida tushuntirib berildi.

    Mazkur huquqiy onlayn o‘quv soatlarining o‘tkazilishi natijasida Vazirlik oldiga qo‘yilgan vazifalarning soha xodimlari tomonidan tezkorlik bilan hal qilishning zamonaviy usullari yo‘lga qo‘yildi.

    O‘tgan 2020-2021 yillar davomida sohaga oid norma ijodkorligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasiga jami 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari taqdim qilindi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi

    PF–5505-son Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasiga asosan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish topshirilgan. Shunga ko‘ra, Vazirlik o‘zi tomonidan qabul qilingan 74 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatni Vazirlar Mahkamasining qaroridan quyi bo‘lmagan hujjat sifatida qabul qilish choralarini ko‘rib, mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni bosqichma-bosqich Qonun darajasiga ko‘tarish ishlarini jadallashtirmoqda.

    Har bir topshiriq va hujjatlar ijrosini amalda nazorat qilinishi, ularni o‘rganib chiqish, mas’ullar belgilanishini ta’minlanish ijro intizomini yanada mustahkam bo‘lishini ta’minlaydi.

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va davlat dasturlarining pirovard maqsadi aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan. Shuning uchun ham joylarda xalq bilan muloqot o‘rnatish, ularning muammolarni har tomonlama o‘rganish asosida qabul qilinayotgan har bir Qonun, Farmon va qaror ijrosini qattiq nazoratga olinishi hamda uni bajarilishi uchun mas’uliyat bilan yondashishimiz darkor. Shu boisdan, AKT vazirligiga kelib tushadigan barcha turdagi murojaatlar va boshqa turdagi hujjatlarni tezkor tarzda ko‘rib chiqish ularni qonuniy hal qilish yo‘lga qo‘yilgan.

    Kelgusida Vazirlik tomonidan mustahkam ijro intizomini joriy qilish va topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishi uchun muntazam ravishda ishlar olib boriladi va nazorat qilinadi.

     

    O'zbekiston Respublikasi

    Axborot texnologiyalari va kommynikatsiyalarini rivojlantirish

    vaziri Sh. Sodiqov

    Manba: Axborot xizmati