Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘i
    14.05.2020

     O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunida belgilab qo‘yilgan muhim vazifalar o‘zini shu mamlakat fuqarosiman deb bilgan inson uchun o‘zbek tilini bilishi qanchalar zarur ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 21 oktyabrdagi Farmoni 30 yil oldin qabul qilingan Qonunda ta’kidlanganlarni unutganlar yoki bu qoidalarga xohlab-xohlamay, bilib-bilmay amal qilmayotganlarning uyg‘onishi uchun yana bir turtki bo‘ldi, deyish mumkin.

    O‘tgan 30 yil o‘zbek tilini davlat, umumjamiyat, mamlakat hududida yashovchi ko‘pmillatli aholining o‘zaro muloqot tiliga aylantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilganligiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Biroq 2020 yil o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uning mavqeini yanada yuksaltirish, mamlakat hududida faoliyat yurituvchi vazirlik va idoralarda, korxona va tashkilotlarda ish yuritishning asosiy vositasi darajasiga ko‘tarish yo‘lida qo‘yilgan katta qadam bo‘ldi. Zero, biz aynan til vositasida insonlar bilan muomalaga kirishamiz, turli ijtimoiy-madaniy va boshqa munosabatlarimizni tartibga solamiz. Bir so‘z bilan aytganda til muomala vositasi sifatida hayotimizning har bir onida, uyda, maktabda, ko‘chada, bozorda, ishxonada va hamma joyda biz bilan birga.

           Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan muhim qadamning birgina samarasi sifatida bugun deyarli barcha vazirlik va idoralarda rahbarning Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyat yuritmoqda. Bu, jami 309 ta davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining 282 tasida, ya’ni 91.2 foizida nafar maslahatchi ish olib bormoqda degani. Ularning maqomi rahbar o‘rinbosariga tenglashtirilganligi esa bu vazifaning qanchalar ahamiyatli ekanligini ko‘rsatibgina qolmay, mazkur lavozimga tayinlanganlarga juda katta mas’uliyat yuklashi, tabiiy. Shunday ekan buni his qilish, har kim o‘z sohasida zarur ishlarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shishi lozim.
            
         Barchamizga ma’lumki, shiddat bilan rivojlanib borayotgan jamiyat hayotining barcha jabhalariga axborot-kommunkatsiya texnologiyalari undan ham jadalroq kirib bormoqda yoki allaqachon bunga ulgurdi. 2020 yilning “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinishi ham bejiz emas, albatta.

           Ushbu yo‘nalishda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi eng asosiy va mas’ul ijrochilardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Shu o‘rinda Vazirlik va uning tizim korxona va tashkilotlari faoliyati zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan bevosita bog‘liq ekanligini inobatga olsak, mazkur sohada boshqa tillardan o‘zlashgan yoki yangi kirib kelayotgan so‘z hamda atamalar talaygina.

         Xususan, kundalik hayotimizda yuz, hatto ming marta ishlatiladigan “internet”, “televizor”, “kompyuter”, “printer”, “klaviatura”, “monitor”, “abonent”, “rouming”, “pochta”, “virtual”, “operator”, “lokal” kabi so‘zlar ayni damda aytish joiz bo‘lsa, qon-qonimizga singib ketmoqda. Yoshi kattalarku mayli, o‘sib kelayotgan yosh avlod ana shu so‘zlar ishtirokidagi muloqotlar qurshovida voyaga yetmoqda. Hozirda shu va shu kabi so‘zlarni, aniqrog‘i atamalarni ishlatmaydigan odam topilmasa, kerak. Bu so‘zlarning biri ingliz, yana biri rus, boshqasi esa grek tilidan kirib kelgani ana endi mazkur soha xodimlarining so‘zlashuvini yoki ularning ish jarayonini tasavvur qilib ko‘ravering.

           Tashqaridan qaraganda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchilarni ko‘pchilik texnika odami deb o‘ylaydi. Tan olish kerakki, men ham ozgina bo‘lsa-da, shunday fikrda edim, biroq adashganligimni ular bilan ishlab ko‘rgandan keyingina bildim. Ular tomonidan tayyorlangan nafaqat ichki, balki muhim qaror, farmon va farmoyishlar loyihalarini ko‘rib, bu hujjatlarni biror “tilchi” tayyorlagan degan xulosa qilish ham mumkin edi.

            Ish jarayonida muloqotga kirishar ekanmiz, bir necha marta tortishgan paytlarimiz ham bo‘ldi. Aksariyat hujjatlar davlat tilida tayyorlanishi bilan birga boshqa, xususan, rus tilidagi xatlar, ish rejalar ham yo‘q emasdi. Ana shularni o‘zbek-davlat tilida tayyorlash zarur degan fikrni ilgari surishim natijasida kimlargadir yoqmaganligim ham rost. Rus tilida ishlash oson bo‘lganlar uchun bir ishni ikki marta qilish kimga ham yoqardi, deysiz. Ana shunda o‘z ona tilini hurmat qiladiganlar tomonidan amalda keng qo‘llanib kelinayotgan usulni taklif qildim. Ya’ni biz ham o‘z tilimizning hurmatini joyiga qo‘ygan va boshqa tillarni kamsitmagan holda har qanday hujjatni, ayniqsa, xatlarning imzolangan nusxasini davlat tilida tayyorlash va zarur bo‘lsa, boshqa tildagi tarjimasini ilova qilishga kelishib oldik. Menimcha, ishimiz ancha osonlashgandek bo‘ldi, hamkasblar ham bunga ko‘ndi.

            2020 yil 10 aprel kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbek tili kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunning imzolanganini, unga ko‘ra, 21 oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilanganini eshitgan, internet saytlari orqali o‘qigan bo‘lsam ham hamkasblarga indamadim. Chunki bugun axborot texnologiyalari rivojlangan paytda bunday imkoniyat hammada bor. Xullas, bu yangilikni eshitgan, o‘qigan borki, kelib, xuddi mening tug‘ilganim yoki menga tegishli biror sanadek meni tabriklay boshladi. Men bo‘lsam, “Ana endi ham biror hujjatni boshqa tilda tayyorlab ko‘ringlar-chi...” deya yolg‘ondan po‘pisa qilgan bo‘ldim. Aslini olganda esa xursandchiligimning cheki yo‘q edi. Ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilgandi. Chunki hamma davlatlarda ham ona tili alohida bayram sifatida nishonlanmaydi. Biz ana shunday davlatlardan biriga aylangandik.

              Masalan, 1999 yil 17 noyabr kuni YuNESKO tomonidan 21 fevral Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilingan. Va bu sana 2000 yildan buyon til va madaniy xilma-xillikni hamda ko‘ptillilikni rivojlantirish maqsadida keng nishonlanib keladi. O‘z navbatida BMT Bosh Assambleyasi 2008 yilni Xalqaro tillar yili deb e’lon qilgan.

             Bu sananing e’lon qilinishiga 1952 yil 21 fevral kuni Dakkada (Bangladesh poytaxti) sodir bo‘lgan voqea sabab bo‘lgan. Shu kuni namoyishga chiqqan talabalar o‘z ona tili – bengal tilini mamlakatning davlat tillaridan biri sifatida tan olishlarini so‘ragan va politsiya tomonidan uzilgan o‘qlardan bir necha talaba halok ham bo‘lgan.

           Bundan tashqari 14 marta Estoniyada (1996), 20 mart Fransiyada (2010), 9 aprel Finlandiyada (1980), 20 aprel Xitoyda (2010), 23 aprel Angliya va Ispaniyada (2010), 15 may Osetiyada (2003), 6 iyun Rossiyada (2011), 1 avgust Ozarbayjonda (2001), 31 avgust Moldaviyada (1989), 20 sentyabr Qozog‘istonda (1998), 23 sentyabr Qirg‘izistonda (1989), 9 oktyabr Janubiy Koreyada (1945), 9 noyabr Ukrainada (1997) til bayrami sifatida nishonlanadi.

           YuNESKO ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har ikki haftada bitta til yo‘qolib ketmoqda. Ularnig yo‘qolishi esa butun boshli madaniy va intellektual merosning ham yo‘qolishiga olib kelmoqda.
            
            Ona tilllarining tarqalishini keng targ‘ib qilish faqatgina tillar xilma-xilligi va ko‘p tilda ta’lim olish yoki jahon tillari va madaniy an’analar bilan yaqindan tanishish bilan chegaralanib qolmaydi, balki ular o‘zaro tushunishga asoslangan birdamlikni kuchaytiradi.

             Bugun bizda ham chet tillarini o‘rganishga ham zarur shart-sharoitlar yaratilishi bilan birga o‘z ona tilini chuqur bilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zga millat tilini hurmat qilish esa tamomila boshqa masala. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekanligi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa ham O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi ham alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

             Shu o‘rinda davlat tilida ish yuritishga mas’ul bir inson sifatida bir taklif kiritmoqchiman. Davlat tilida ish yuritishni kerak bo‘lsa, maktabda, nari borsa, oliy o‘quv yurtidayoq boshlash kerak. Buning birgina va asosiy sababi bor: Ertangi kun egalari qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar kelajakda davlat idorasida faoliyat yuritadigan bo‘lsa, o‘zbek tilini o‘rganishi zarurligini his qilsin va buning uchun ham nazariy hamda amaliy jihatdan tayyor bo‘lib ulg‘aysin. Chunki bir necha yillar davomida o‘ziga ma’qul til yoki uslubda ish yuritib kelgan xodim yoki rahbarni birdan o‘zgartirish qiyin bo‘lganidek, olam-olam orzular bilan ishga kirgan yangi xodimga ham bu qoidalarni o‘rgatish, uni bu jarayonga moslashtirish oson kechmaydi. Balki oliy ta’lim muassasalarida muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan qisqartiriladigan mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar hisobiga ana shu yo‘nalishda dars soatlarini kiritish kerakdir.

             Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining tashkil etilganligi ayni muddao bo‘ldi. Hozirgi kunga qadar ushbu markazda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi, Moliya, Mudofaa vazirliklari, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi hamda “O‘zarxiv” agentliklarining 70 nafar xodimlarining davlat tili borasidagi malakalari oshirildi.

             Mavlono Jaloliddin Rumiy “Qalb dengiz, til qirg‘oqdir. Dengizda nima bo‘lsa, qirg‘oqqa o‘sha kelib uriladi” deya tilning inson, millat hayotida naqadar muhim o‘rin tutishini bashariyatga yana bir bor eslatib qo‘ygan. Jonajon O‘zbekistonni jahon madaniyati, ma’naviyati, ma’rifatining o‘choqlaridan biriga aylantira olgan buyuk ajdodlarimiz bunga ona tilimiz imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, dunyoga o‘z so‘zini ona tilida aytish orqali erishgan. Zero, millatimiz ma’naviyati, joiz bo‘lsa xalqimiz “qalbi” o‘zida umuminsoniy qadriyatlar bilan sug‘orilgan yuksak madaniy-ma’rifiy g‘oya va qarashlarni ifoda etadi.

            Shunday ekan o‘zbek tilining 200 ga yaqin davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega tillar orasidaligidan, bugun eng ko‘p foydalaniladigan 30 tildan biri ekanligidan faxrlanib, uning umrboqiy jahon tillari o‘rtasida o‘z mavqeini saqlab qolishi va uning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni ona tiliga mehr-muhabbat, vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat va sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy madaniy-ma’rifiy merosiga munosib vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz ijtimoiy hayotiga davlat tilini to‘la joriy etish, shunday bebaho boylikni hamisha asrab-avaylash har doimgidan ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

          Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin. Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.

     

    Nurulla Abdullayev,
    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining

    Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi

    qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi

    Manba: Axborot xizmati