Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • MUNOSABAT: Til bayrami – dil bayrami
    11.04.2020

    Sal balandparvoz gapdek tuyulishi mumkin, biroq 21 oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni  etib belgilangani haqida xabarni  eshtishim bilan negadir xayolimga “Til bayrami – dil bayrami” degan gap keldi. Balki bu gap qaerdadir, kimdir tomonidan aytilgan, ko‘p marta ishlatilgan, hatto siyqasi chiqib ketgan ham bo‘lishi mumkin, ammo  o‘zbek tilini ona tili sifatida biladigan, ana shu tilda tilim chiqqan, uni boshqa tillarga qaraganda ko‘proq  yaxshi kơradigan inson, shu millat vakili sifatida yana yuz, ming, hatto  yuz ming martalab shunday deyishga asosim bor, deb o‘ylayman.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida davlat tilida ish  yuritish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha ish boshlaganimga ko‘p vaqt bo‘lmaganiga qaramay hamkasblar bilan tez til topishib ketdik. Bu yo‘nalishda faoliyat  yurituvchilarni ko‘pchilik texnika odami, deb o‘ylaydi. To‘g‘risini aytsam, men ham ozgina bo‘lsa-da, shunday fikrda  edim, biroq adashgan  ekanman. Ular tayyolagan hujjatlarni ko‘rib, biror “tilchi” tayyorlagan degan xulosa qilish mumkin.

    Ish jarayonida muloqotga kirishar  ekanmiz, bir necha marta tortishgan paytlarimiz ham bo‘ldi. Ko‘pgina hujjatlar davlat tilida tayyorlanishi bilan birga boshqa, xususan, rus tilidagi xatlar, ish rejalar ham yo‘q  emasdi. Ana shularni o‘zbek tilida tayyorlash zarur, degan fikrni ilgari surishim natijasida kimlargadir yoqmayotganim ham rost  edi. Rus tilida ishlash oson bo‘lganlar uchun bir ishni ikki marta qilish kimga ham yoqardi, deysiz. Ana shunda o‘z ona tilini hurmat qiladiganlar tomonidan amalda keng qo‘llanib kelinayotgan usulni taklif qildim.  Ya‘ni, biz ham o‘z tilimizning hurmatini joyiga qo‘ygan holda har qanday hujjatni, ayniqsa, xatlarning imzolangan nusxasini davlat tilida tayyorlash va zarur bo‘lsa, boshqa tildagi tarjimasini ilova qilishga kelishib oldik. Menimcha, ishimiz ancha osonlashgandek bo‘ldi, hamkasblar ham bunga ko‘ndi.

    10 aprel  kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbek tili kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunning imzolanganini, unga ko‘ra 21 oktyabr   O‘zbek tili bayrami kuni  etib belgilanganini  eshitgan, internet saytlari orqali o‘qigan bo‘lsam ham hamkasblarga indamadim. Chunki bugun axborot texnologiyalari rivojlangan paytda bunday imkoniyat hammada bor. Xullas, bu  yangilikni  eshitgan, o‘qigan borki, kelib, xuddi mening tug‘ilganim yoki menga tegishli biror sanadek meni tabriklay boshladi. Men bơlsam, “Ana  endi ham biror hujjatni boshqa tilda tayyorlab kơringlar-chi...” de  yolg‘ondan pơpisa qilgan bo‘ldim. Aslini olganda  esa xursandchiligimning cheki yo‘q  edi. Ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilgandi. Chunki hamma davlatlarda ham ona tili alohida bayram sifatida nishonlanmaydi. Biz ana shunday davlatlardan biriga aylandik.

    Masalan, 1999 yil 17 noyabr  kuni  YUNESKO tomonidan 21 fevral  – Xalqaro ona tili kuni deb  e‘lon qilingan. Va bu sana 2000 yildan buyon til va madaniy xilma-xillikni hamda ko‘ptillilikni rivojlantirish maqsadida keng nishonlanib keladi. O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasi 2008 yilni Xalqaro tillar yili, deb  e‘lon qilgan.

    Bu sananing e‘lon qilinishiga 1952 yil 21 fevral  kuni Dakkada (Bangladesh poytaxti) sodir bơlgan voqea sabab bơlgan. Shu kuni namoyishga chiqqan talabalar ơz ona tili — bengal tilini mamlakatning davlat tillaridan biri sifatida tan olishlarini so‘ragan va polisiya  tomonidan uzilgan o‘qlardan bir necha talaba halok ham bơlgan.

    Bundan tashqari 14 mart  Estoniyada (1996), 20 mart Fransiyada (2010), 9 aprel  Finlandiyada (1980), 20 aprel  Xitoyda (2010), 23 aprel  Angliya  va Ispaniyada (2010), 15 may Osetiyada (2003), 6 iyun  Rossiyada (2011), 1 avgust Ozarbayjonda (2001), 31 avgust Moldaviyada (1989), 20 sentyabr  Qozog‘istonda (1998), 23 sentyabr  Qirg‘izistonda (1989), 9 oktyabr  Janubiy Koreyada (1945), 9 noyabr  Ukrainada (1997) til bayrami sifatida nishonlanadi.

    YUNESKO ma‘lumotiga ko‘ra, dunyoda har ikki haftada bitta til yo‘qolib ketmoqda. Ularnig yo‘qolishi  esa butun boshli madaniy va intellektual merosning ham yo‘qolishiga olib kelmoqda.

    Ona tillarining tarqalishini keng targ‘ib qilish faqatgina tillar xilma-xilligi, ko‘p tilda ta‘lim olish yoki jahon tillari va madaniy an‘analar bilan yaqindan tanishish bilan chegaralanib qolmaydi, balki ular o‘zaro tushunishga asoslangan birdamlikni kuchaytiradi.

    1999-2009 yillarda  YUNESKO Bosh direktori lavozimida faoliyat  yuritgan K.Masuura 2003 yil 21 fevral  – Xalqaro til kuni munosabati bilan shunday degan  edi: “Nima uchun ona tiliga bunchalik  e‘tibor qaratilmoqda? Chunki til inson ijodiyotini, uning barcha turfa xilligini takrorlanmas tarzda aks  ettiradi. Til nafaqat aloqa, zehn va fikrlash vositasi, balki dunyoni qanday ko‘rishimizni tasvirlaydi va o‘tmish, bugun hamda kelajak o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatib beradi. Ona tillari har bir inson dunyoga kelganidan boshlab, unda garchi u ko‘plab tillar  egasiga aylansa ham, hech qachon yo‘qolib ketmaydigan noyob iz qoldiradi. Xorijiy tilni ơrganish bu – dunyoning boshqa ko‘rinishi, boshqacha yondashuvlar bilan tanishish usulidir”.

    Bugun bizda ham chet tillarini ơrganishga zarur shart-sharoitlar yaratilishi bilan birga o‘z ona tilini chuqur bilish masalasiga ham alohida  e‘tibor qaratilmoqda.  O‘zga millat tilini hurmat qilish esa tamomila boshqa masala. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekani belgilab qo‘yilgan bo‘lsa ham O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va  elatlarning tillari, urf-odatlari va an‘analari hurmat qilinishini ta‘minlash, ularning rivojlanishi uchun sharoit  yaratish ham alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

    Demak, O‘zbekistonda garchi davlat tili sifatida o‘zbek tili ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, boshqa millatlarning nafaqat tili, balki urf-odatlari ham alohida hurmat qilinadi. Zero, Prezidentimiz ta‘kidlaganidek, o‘z tilini hurmat qilgan ma‘rifatli el boshqalarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi.


    Nurullo Abdullaev,

    O‘zbekiston Respublikasi

    axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini

    rivojlantirish vaziri maslahatchisi.

    Manba: Axborot xizmati