Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O'zbekistonda 5-sinfdanoq robototexnika saboqlari beriladigan IT maktablar borligini bilasizmi?
    29.07.2021

     

    2021 yil 29-iyul kuni “Zamonaviy ustoz” gazetasining 18-sonida “"O'zbekistonda 5-sinfdanoq robototexnika saboqlari beriladigan IT maktablar borligini bilasizmi?” nomli maqola chop etildi. 

    Mazkur maqolada AKT vazirligi tomonidan respublika bo‘ylab informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni bosqichma-bosqich tashkil etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, maqsad va vazifalar, ushbu maktablarda yaratilgan sharoit hamda ta'lim jarayoni to‘g‘risida so‘z yuritilgan. 

    Materialning gazeta ko'rinishidagi varianti.

    Manba: "Zamonaviy ustoz" gazetasi.

     

    Maktablarda nima gap?

            5-sinfdanoq robototexnika saboqlari berilayotgan IT maktablar

     

    2020-yil 6-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, respublika tuman (shahar)larida mavjud umumta’lim maktablari negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarni bosqichma-bosqich tashkil etish belgilangan edi. Xo‘sh, bu borada ishlar qanday kechmoqda?

    – Prezident qaroriga muvofiq, 2020 – 2021-o‘quv yilida jami 14 ta tayanch maktablari tashkil qilinib, o‘quv faoliyatini boshladi, – deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Ta'lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va soha kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash bo‘limining bosh mutaxassisi G‘olib DJALILOV. – Tayanch maktablarning har birida to‘rttadan xona ta’mirlanib, maxsus kompyuterxonalarga aylantirildi. Elektron kutubxona hamda zaruriy internet tezligi bilan ta’minlandi. Qolaversa, proyektor, shtativ ekran, zamonaviy kompyuter qurilmalari, elektron doska, ko‘rgazmali stendlar, mebel jihozlari ham topshirildi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘quvchilarga darslarda axborot-kommunikatsiya va multimedia texnologiyalaridan foydalanish uchun barcha sharoit yaratilgan. Endilikda 2021 – 2023-yillarda respublika bo‘yicha yana 205 ta ana shunday maktablarning tashkil etilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu har bir tumanda bittadan informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktab bo‘lishini anglatadi.

    Bunday tayanch maktabning yana qanday afzalliklari borligini bilish maqsadida poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabga yo‘l oldik.

     

    Darslarni mutaxassislar o‘tadi

    Bir qarashda oddiy ko‘ringan maktab aslida 630 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramay, 1000 nafar o‘quvchini o‘z bag‘riga olgan. Maktabda informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ikkita (rus va o‘zbek) sinflar tashkil etilgan bo‘lib, har bir sinfda 30 nafardan o‘quvchi ta’lim oladi. Xo‘sh, ixtisoslashtirilgan sinflarda darslar qanday tashkil qilinadi? Ixtisoslashtirilmagan sinflar bilan o‘quv dasturida qanday farqlar bor? Bu haqida maktab direktori Malika MAQSUDBEKOVA bilan suhbatlashdik.

    – Ixtisoslashtirilgan sinflar uchun o‘quv dasturi alohida yaratiladi va avgust oyida shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan alohida tasdiqdan o‘tkaziladi, – deydi Malika MAQSUDBEKOVA. – Oddiy sinflarga nisbatan bunday sinflarda informatika fani ko‘proq o‘tiladi. Aslida maktabimizda nafaqat ixtisoslashtirilgan sinflar, balki oddiy sinf o‘quvchilari uchun ham informatika va axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimlarini oshirish imkoniyati mavjud. O‘quvchilar darsdan tashqari tashkil qilingan qo‘shimcha to‘garaklarga qatnashishi mumkin. To‘garaklarni IT-part tomonidan briktirilgan 4 nafar mutaxassis trenerlar olib boradi.

     

    4 xonada 4 xil to‘garak

    Xonalarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularning “Kibersport”, “Informatika”, “Sport dasturlash”, “Robototexnika” deya maxsus nomlanganligi va turlicha dizayn qilinganligi e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, o‘quvchilar tomonidan legodan yasalgan kichik robotlar bir qarashda oddiy ko‘rinsa-da, aslida maxsus sxemaga ega ekan. Bu ularning ilk ijod namunalari, robototexnikaga qo‘ygan dastlabki qadamlari desak xato bo‘lmaydi.

    – “Robototexnika”, “Sport dasturlash”, “Kibersport” kabi to‘garaklarda o‘quvchilar rus va o‘zbek tillarida IT mahoratini oshirmoqda, – deydi Malika Maqsudbekova. – Har bir to‘garakda 18-26 nafardan o‘quvchi bo‘lib, mashg‘ulot ikki soat davom etadi. “Sport dasturlash” biroz qiyinroq bo‘lgani uchun unda asosan yuqori sinf o‘quvchilari qatnashsa, “Robototexnika” to‘garagi 5-sinf o‘quvchilari bilan to‘lgan. Tayanch maktabga aylantirilguniga qadar maktabimizda o‘quvchilar uchun buncha imkoniyat yo‘q edi. Biroq hozir birgina robototexnika xonasida konstruktorlar yordamida bolalar o‘zlari mustaqil ishlashi, izlanishi, loyihasini yaratishi, kompyuterda harakatga keltirishi mumkin. Dars muhitidagi erkinlik o‘quvchi va o‘qituvchi orasida do‘stona munosabat o‘zaro fikr almashish, maslahat va muhokama qilish uchun muhim atmosfera bo‘lmoqda.

     

    Yutuqlar ham bor

    Respublika miqyosida tashkil qilingan ana shunday ixtisoslashgan maktablar orasida olimpiada musobaqalari ham tashkil etilgan bo‘lib, bu yil unda 51 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. 4 turdan iborat olimpiadada navoiyliklar 1-o‘rinni, Yunusobod tumani 9-maktab o‘quvchilari esa 2-o‘rinni egalladi. 3-o‘rin Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani o‘quvchilariga nasib etdi.

    Bundan tashqari, Yunusobod tumanidagi 9-maktabning 6-7-sinf o‘quvchilar robototexnikadan Xalqaro konkursda qatnashdi. Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan onlayn konkursda o‘quvchilar yasagan robotlarini namoyish etishdi va bosh sovringa loyiq topildi.

     

    Kibersport shunchaki o‘yini emas

    Maktabdagi maxsus xonalardan biri kibersport deb atalib, bu yerda o‘quvchilar ana shunday zamonaviy sport o‘yini bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ochig‘i, kibersport haqida gap ketganda ko‘pchilik kompyuter o‘yinlarini tushunadi va ota-onalar bunga e’tiroz bildirishi ham ehtimoldan yiroqmas. Maktab direktori bilan suhbatimiz davomida sportning bu turi oddiy kompyuter o‘yinlaridan farq qilishini, bu o‘quvchilarda jamoaviylikni shakllantirishga yordam berishini bilib oldik. Bolalar ham kibersportni o‘yin deb emas, sportning bir turi sifatida qabul qilishgani esa quvonarli.

     

    Kimlar qabul qilinadi?

    Ixtisoslashtirilgan maktab va o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyat ko‘pchilikni qiziqtiradi. Qanday qilib bu maktab o‘quvchisiga aylanish mumkinligi esa ota-onalar uchun muhim masala. Shu boisdan ixtitsoslashtirilgan tayanch maktablariga o’quvchilarni qanday qabul bo'yicha mutaxassis bilan suhbatlashib, ma’lumot oldik.

    – O‘quv jarayoni 5-sinfdan boshlanadi va mazkur maktabda o‘qish uchun nomzodlar tanlov bosqichidan o‘tadi, – deydi G‘olib Djalilov. – Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat test markazi bilan birgalikda tasdiqlangan qabul kvotalari asosida respublika bo‘yicha tashkil etiladigan tayanch maktablarga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi. Ayni vaqda maktabda 2 ta ixtisoslashtirilgan sinflarni ochishga kvota ajratilgan bo‘lib, o‘zbek va rus sinflari uchun 4-sinfni tamomlagan, o‘quvchilarning arizalari qabul qilindi. Nomzodlar Davlat test markazi bilan hamkorlikda test shaklida matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon qilinadi. Imtihon 36 ta savol asosida olinadi. Unda 70 dan yuqori ball to‘plab, eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilargina mazkur sinflarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

    5-sinfdan boshlab bosqichma-bosqich ta’lim berib boriladigan bunday maktablarda yangidan yangi iqtidorli yoshlar kashf qilinsa ajabmas.

     

    Noilaxon AHADOVA tayyorladi.