Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar asosida Andijon viloyatida AKT sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi
    29.04.2022

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2022-yil 14-aprel kuni axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligi hamda sohada 2022-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari soha va hududlar rahbarlariga qator topshiriqlar berdi.

    Topshiriqlar ijrosi yuzasidan bugun, 29-aprel kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Digital City texnologik parkida soha korxonalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

    Yig‘ilishda asosiy masala viloyatning AKT sohasidagi xizmatlar ulushi va hududda dasturiy mahsulotlar hajmini oshirish, BPO markazlar tashkil etish orkali eksport salohiyatini yuksaltirish, aloqa operatorlari daromadlarini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

    Shuningdek, viloyat buyicha, ayniqsa chekka hududlarda mobil aloqa qamrovi va internet tezligi sifatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va soha oldida turgan vazifalar belgilab olindi.

    Uchrashuvda AKT sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi rahbariyati viloyatda AKT sohasini rivojlantirish bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarni e’lon qildi.

    Unga ko‘ra, 2021 yilda Andijon viloyati bo‘yicha ko‘rsatilgan AKT xizmatlari hajmi 409 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 111 foizga yetgan. O‘tgan yilda viloyatda AKT infratuzilmasini yanada rivojlantirish loyihalariga 152 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

    Telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bilan bir qatorda viloyatdagi 1 680 ta ijtimoiy soha ob’yektlaridan barchasi, jumladan 785 ta xalq ta’limi, 543 ta maktabgacha ta’lim, 273 ta tibbiyot muassasalari yuqori tezlikdagi internet xizmatlari bilan ta’minlandi.

    Mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida, 2021 yil davomida 117 ta yangi baza stansiyalari o‘rnatildi va 361 ta mavjud baza stansiyalarida modernizasiya ishlari amalga oshirildi. Natijada aholi maskanlari mobil aloqa bilan 99,6 foizga hamda keng polosali mobil internet xizmati bilan 84 foizga qamrab olindi.

    Viloyatda pochta xizmatini rivojlantirishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda Andijon filialida 9 ta pochta aloqa bog‘lamasi va 146 ta pochta aloqa bo‘limlari mavjud bo‘lib, ular orqali pochta aloqa xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

    Shuningdek, hybrid.pochta.uz veb sayti orqali 14 dan ortiq tashkilotlarga gibrid pochta xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

    Kuryerlik xizmatlari bo‘yicha viloyatda 11 ta korxona va tashkilotlari bilan shartnoma tuzilib, ularga xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

    Bundan tashqari mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni viloyat miqyosida Internet orqali savdoga chiqarish, reklama qilish va mahsulotlarini xaridorlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi “Milliy onlayn savdo maydoncha” tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unisavdo.uz sayti ishga tushirildi. Hozirda Andijon filialida jami 146 ta avtomatlashtirilgan pochta aloqa ob’yektlari xizmat ko‘rsatmoqda.

    2021 yilda Andijon viloyatidagi shahar va tumanlarning na’munali umumta’lim maktablarida 16 ta “IT school” lar hamda oliy o‘quv muassasalarida yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida 4 ta Andijon mashinasozlik instituti, Andijon davlat universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Andijon tibbiyot institutida Inkubasiya markazlari tashkil etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyatda tashkil etilgan markazlar soni 2022 yilda 37 tani tashkil etmoqda.

    “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bugungi kunga qadar 215 836 nafar yoshlar www.uzbekcoders.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tib, 178 796 nafari ishtirokchi sertifikatlarini va 130 871 nafari bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritgan.

    2021 yilda Andijon viloyati Andijon tumanidagi Mashinasozlik texnikumi negizida Andijon axborot texnologiyalari texnikumi tashkil etildi.

    Texnikumda 2 ta kompyuter sinf xonalari zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, 40 ta monoblok jamlanmasi va mebellar bilan ta’minlandi. 150 o‘rinli yotoqxona tashkil etilib qayta jihozlandi va foydalanishga topshirildi.

     2022 yilda Andijon viloyatida Axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish uchun 180,2 mlrd. so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi:

    Jumladan:

    – zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 2 740 km optik tolali aloqa liniyalarini qurish va 73 ming portga teng raqamli qurilmalar o‘rnatish (83,7 mlrd so‘m);

    – mobil aloqa xizmatlari qamrovini kengaytirish va xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 128 ta qo‘shimcha baza stansiyalari o‘rnatiladi va 316 tasi modernizasiya qilinadi (93,7 mlrd so‘m);

    – aholi va yurtimiz mehmonlariga qulayliklar yaratish maqsadida turistik va aholi gavjum joylarida 108 ta nuqtada bepul Wi-Fi zonalar tashkil etiladi. (530 mln.so‘m);

    – elektron tijoratni yanada rivojlantirish, jumladan internet-savdo maydonchalari egalariga o‘z mahsulotlarini saqlash va internet-savdo maydoncha orqali xarid qilingan mahsulotlarni shu yerning o‘zida tez fursatlarda qadoqlab, mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini yaratish maqsadida pochta sohasida 1 ta logistika markazi tashkil qilish (520 mln.so‘m);

    – aholiga davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarin kengaytirish maqsadida pochta aloqa bo‘limlarida joriy etilgan 34 ta davlat xizmat turlari 80 taga yetkaziladi (loyiha-smeta hujjatlari asosida);

    – xorijiy davlatlarga ko‘rsatilayotgan autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish markazi tashkil etilib, 30 nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi va yil yakuniga qadar eksport hajmi 100 ming AQSH dollarga yetkaziladi (loyiha-smeta hujjatlari asosida);

    – yoshlarni axborot texnologiyalari va dasturlashga bo‘lgan ko‘nikmalarini oshirish maqsadida 6 ta ixtisoslashtirilgan IT-maktablar tashkil etiladi (1,8 mlrd. so‘m);

    –“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritganlar yoshlar soni 150 mingtaga yetkaziladi.

    Manba: Axborot xizmati