Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “Bir million o‘zbek dasturchilari” O‘zbekiston – BAA qo‘shma loyihasi g‘oliblari taqdirlandi
    10.06.2022

    Bugun, 10-iyun kuni poytaxtimizda “Bir million o‘zbek dasturchilari” O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari qo‘shma loyihasi natijalariga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etib, nutq so‘zladi.

    Marosimda Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad Al Gergavi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasining yakunlanish marosimi doirasida nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va nomzodlar qatnashdi.

    Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Bosh vaziri ta’kidlaganidek, “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi doirasida erishilgan yutuqlar Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsad va vazifalarini amalga oshirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.

    Ushbu loyihani namunali bitirgan barcha yoshlarimizni o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaslik kerakligi aytib o‘tildi.

    Birinchidan, yoshlarimiz o‘qishlarini IT-ta’lim berish xizmatini ko‘rsatadigan 100 dan ortiq IT-Park rezidentlarida yoki respublikamizning barcha shahar (tuman)larida tashkil etilgan 205 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida davom ettirishlari mumkin.

    Ikkinchidan, Xalqaro IT-sertifikatini olgan yoshlarning 50 foizgacha xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Bunday sertifikatlarga ega bo‘lgan yoshlar esa mehnat bozorida yaxshiroq ish topish imkoniga ega bo‘ladi.

    Uchinchidan, shu sohada oliy ta’lim olmoqchi bo‘lganlar respublikamizdagi mavjud 58 ta oliygohlarga imtihon topshirishlari mumkin.

    Bosh vazir A. Aripovning qo‘shimcha qilishicha, yaqinda ularning safiga yangi Oliy ta’lim muassasasi – “IT Park universiteti” ham qo‘shildi.

    Shuningdek, Bosh vazir mazkur loyihani sifat jihatdan keyingi bosqichga olib chiqish yuzasidan quyidagi yangi yo‘nalishlarni belgilab berdi:

    jumladan, uzbekcoders.uz platformasida dunyo bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda mutaxassislarni tayyorlash uchun katta ma’lumotlar texnologiyalari (Big-data), sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi kabi sohalarda yangi o‘quv kurslari tashkil etiladi;

    ikkinchidan, “ustoz-shogird” an’anaviy o‘qitish usulida ilg‘or mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutuvchi zamonaviy kompyuter dasturlash tillari chuqurlashtirib o‘qitish va IT-tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha o‘quv dasturi tashkil etiladi;

    uchinchidan, akselerasiya dasturlarini amalga oshirish va venchur kapital investisiyalarini jalb qilish orqali IT-tashabbuslar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan respublika tanlovi joriy qilinadi.

    “One Million Uzbek Coders” (OMUK) loyihasi aholiga dasturlash va raqamli texnologiyalar bilan ishlashga oid ko‘nikmalarni taqdim etishga yo‘naltirilgan bepul onlayn platforma hisoblanadi. Platforma ma’lumotlar tahlili (Data Analysis), Android dasturlash, front-end va full-stack dasturlash kabi to‘rtta eng ommabop yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.

    Tadbir doirasida loyihani amalga oshirishda erishilgan yutuq va natijalar, axborot texnologiyalari sohasida professional rivojlanish uchun ilk qadam sifatida xizmat qilgan “One Million Uzbek Coders” bitiruvchilarining hikoyalari haqida videoroliklar namoyish etildi, shuningdek, “Eng faol hudud”, “Eng faol universitet, “Eng faol maktab”, “Eng faol o‘qituvchi”, “Eng faol talaba”, “Eng faol oila” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

    Unda “Eng faol hudud” nominatsiyasiga Xorazm viloyati loyiq ko‘rildi. “Eng faol maktab” Qashqadaryo viloyati 9-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi, “Eng faol universitet” Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali, “Eng faol o‘qituvchi” Toshboyev Bobomurod, Samarkand viloyati IT-Park Samarqand hududiy filiali startap menejeri, “Eng faol oila” nominatsiyasiga Toshkent viloyati Parkent tumanida yashovchi Xolovlar oilasi munosib ko‘rildi. Shuningdek, “Eng faol talaba” nominatsiyasi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi Farrux Saliyevga nasib etdi.

    Bugungi kunda “One Million Uzbek Coders” dasturi bo‘yicha ta’lim olish uchun ro‘yxatdan o‘tgan talabalarning umumiy soni 2 mln 500 dan ortiqni tashkil etmoqda. Ulardan 1 mln 500 dan ortig‘i ishtirokchi sifatida, 1 mln dan ortig‘i esa o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlaganlik bo‘yicha sertifikatlarga ega bo‘lishdi. Quvonarlisi, loyiha ishtirokchilarning 90 foizini maktab o‘quvchilari, 47 foizini qizlar tashkil etadi.

    Viloyatlar kesimida portalda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni bo‘yicha Xorazm, Namangan, Andijon va Samarqand viloyatlari yetakchilik qilmoqda.

    Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda “One Million Uzbek Coders” bitiruvchilari uchun Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda umumiy mukofot jamg‘armasi 100 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi 3 ta musobaqa, ya’ni Sport dasturlash, “Open Data Challenge” va “Students Cup” chempionatlari o‘tkazildi.

    Qolaversa, loyihaning faol ishtirokchilari o‘rtasida sovrin jamg‘armasi 6 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi onlayn tanlov o‘tkazilib, unda 12 000 kishi ishtirok etdi.

    2021-yilda “One Million Uzbek Coders” loyihasi doirasida malaka oshirish kurslarini tamomlagan umumta’lim maktablarining 100 nafar eng faol informatika fani o‘qituvchilari taqdirlandi. Ushbu musobaqa joriy yil ham tashkil etildi.

    Bundan tashqari, “One Million Uzbek Coders” dasturi doirasida 7 ta saralash bosqichi o‘tkazilib, IT-ta’lim bo‘yicha 250 ta “Nanodegree” granti egalari aniqlandi.

    Manba: Axborot xizmati