Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan pochta aloqasi sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida brifing bo‘lib o‘tdi
    30.06.2022

    Bugun, 30-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xizmati rahbari Sh. Axmatov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

    Xabaringiz bor, aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aloqa vositalarining eng qadimgisi hisoblangan pochta aloqasi sohasida keyingi paytlarda qator muammolar ko‘zga tashlanib qolgan edi.

    Shu muammolarni hal qilish, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning oldini olish, sohani bugungi kun talabi darajasiga ko‘tarish uchun 2020-yil 14-dekabr kuni Prezidentimizning “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Qaror asosida tizimli ishlar amalga oshirildi.

    Pochta aloqasi tizimini yanada rivojlantirish maqsadida 2022-yil 9-iyun kuni yangi tahrirdagi “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘RQ–777-son, 09.06.2022 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

    Qonun bilan qonunchilikka posilka, pochta kuryeri kabi tushunchalar kiritildi.

    Qonunga ko‘ra, pochta xizmatlari pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan pochta, kuryerlik xizmatlari hamda boshqa turdagi pochta xizmatlari tarzida shartnoma asosida ko‘rsatiladi.

    Foydalanuvchilarning manziliga oid ma’lumotlar, pochta va kuryerlik jo‘natmalari hamda ularning tarkibi to‘g‘risidagi axborot, pochta aloqasi operatorlari hamda provayderlarining faoliyati sohasiga kiradigan boshqa xabarlar, shuningdek, ushbu pochta va kuryerlik jo‘natmalarining o‘zi pochta aloqasining sirini tashkil etadi.

    Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplaydi.

    Pochta va kuryerlik jo‘natmasi topshirilmaganligi, o‘z vaqtida yetkazib berilmaganligi yoki yo‘qotilganligi, buzilganligi (shikastlanganligi) yoxud o‘tkazilgan pul mablag‘lari to‘lanmaganligi bilan bog‘liq e’tirozlar pochta va kuryerlik jo‘natmasi topshirilgan kundan e’tiboran 6 oy ichida taqdim etiladi.

    Pochta xizmatlaridan foydalanuvchilar pochta aloqasi xizmatlarining boshqa foydalanuvchilariga, pochta aloqasi operatorlari yoki provayderlariga yetkazilgan, jo‘natilishi taqiqlangan predmetlar va moddalarni pochta va kuryerlik jo‘natmalariga joylash natijasida yoki ular lozim darajada o‘ralmaganligi natijasida yuzaga kelgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

    Umuman Pochta sohasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda.

    Milliy pochta operatori – “O‘zbekiston pochtasi” AJ faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida Jamiyatning 100 mlrd so‘m miqdordagi qo‘shimcha aksiyalari chiqarildi hamda tijorat banklari va aloqa sohasi korxonalari orasida joylashtirildi.

     Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tanlab olingan 42 ta “namunaviy tumanlar”da umumiy 9,6 mlrd. so‘m qiymatli 779 ta, jumladan, pochta binolarini qayta qurish va ta’mirlash, pochta bo‘limlari moddiy texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha, yangicha pochta xizmatlari va boshqa innovatsion xizmatlarini joriy etish hamda pochta xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.

     Aholiga qulaylik yaratish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida avvalgi yillarda qisqartirish natijasida yopilgan 9 ta pochta aloqasi bog‘lamasi va 54 ta pochta aloqasi bo‘limlari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi hamda 600 ga yaqin qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratildi.

    Ma’lumot uchun: Hozirgi kunda “O‘zbekiston pochtasi” AJda 14 ta hududiy va 4 ta ixtisoslashgan filiallar, 165 ta pochta aloqasi bog‘lamalari, 1 804 ta (shu jumladan, qishloq joylardagi aloqa bo‘limlari 1 338 ta) pochta aloqasi bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

     110 ta pochta aloqasi ob’yektlarining binolari tadbirkorlar bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy ko‘rinishga keltirilmoqda, mahalliy byudjet va jamiyat mablag‘lari hisobidan 140 ta pochta aloqasi obyektlari zamonaviy ko‘rinishda kapital ta’mirlandi va qayta qurildi. Yengil konstruksiyali 19 ta aloqa bo‘limlari aholiga qulay bo‘lgan hududlarga joylashtirildi va bugungi kunda pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

     Pochta aloqasi ob’yektlarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash maqsadida 322 ta pochta aloqasi bo‘limigacha 650 km optik tolali aloqa liniyalari tortildi.

     Pochta aloqasi ob’yektlari orqali to‘lovlarni onlayn rejim orqali qabul qilish avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi. Ushbu maqsadlarda pochta xodimlari uchun 2 800 ta mobil qurilmalar xarid qilindi, pochta xodimlari mobil qurilmalar yordamida joylarga chiqib onlayn tarzda to‘lovlarni qabul qilish imkoniyati yaratildi.

     Pochta almashinuvlarini amalga oshirishda foydalanilayotgan xizmat avtotransport parkini yangilash maqsadida 110 ta kichik hajmdagi hamda 8 ta katta hajmdagi yuk tashuvchi avtotransport vositalari xarid qilindi. Pochtalonlar ish samaradorligini oshirish maqsadida 500 ta elektroskuterlar sotib olindi.

     Pochta xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini avtomatlashtirish, jo‘natmalarini qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan axborot tizimi ishlab chiqilib, 2021-yil iyul oyidan boshlab barcha pochta obyektlarida pochta xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlariga to‘liq tatbiq etildi.

     Pochta aloqa ob’yektlarida amaldagi pochta aloqasi an’anaviy xizmatlari, bank va moliyaviy, davlat va elektron tijorat xizmatlari bo‘yicha xodimlarning malakasini oshirish yuzasidan “Aloqabank”, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi va IT-park bilan hamkorlikda tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida jami 6 300 nafar pochta aloqasi xodimlar o‘qitildi.

    Pochta aloqasi ob’yektlarida zamonaviy “Gibrid pochta” xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda 150 dan ortiq davlat organlari tomonidan yuboriluvchi xat-xabarlarni elektron tarzda qabul qilish va yetkazish amalga oshirilmoqda, ushbu maqsadlarda qo‘shimcha 2 ta avtomat konvertlash uskunalari o‘rnatildi.

    “Gibrid pochta” xizmati ishga tushgan vaqtda elektron ko‘rinishda kelib tushgan pochta jo‘natmalar faqat 14 ta viloyat markazlarida qog‘oz ko‘rinishida chop etilib, shu yerning o‘zida maxsus konvertga joylashtirilib, ko‘rsatilgan manzillar bo‘yicha jo‘natilib kelingan.

    Bugungi kunda, barcha pochta aloqasi ob’yektlari zamonaviy kompyuter va uskunalar bilan ta’minlandi. Hozirda elektron ko‘rinishda kelib tushgan pochta jo‘natmalar 165 ta tuman va shahar pochta aloqasi bog‘lamalarida qog‘oz ko‘rinishida chop etilmoqda. Buning natijasida, gibrid pochta jo‘natmalarini yetkazib berish muddatlari qisqarishiga erishilib, avval pochta jo‘natmalar eng chekka hududdagi adresatlarga 3-5 kun ichida yetkazib berilgan bo‘lsa, endilikda 1-2 kun ichida yetkazib berilmoqda.

     Aholi qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olishi uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi 150 ta avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtamatlar) xarid qilindi, bugungi kunda ushbu pochtamatlarning 101 tasi aholi gavjum joylar va yirik savdo obyektlariga o‘rnatildi, qolgan pochtamatlarni o‘rnatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

     Qishloq va olis hududlarda joylashgan pochta aloqasi ob’yektlarida davlat xizmatlarini pochta aloqasi ob’yektlarida ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar natijasida bugungi kunda 1 018 ta pochta aloqasi obyektlarida 42 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

     Davriy matbuot nashrlariga “Internet obuna” xizmatini ko‘rsatish yo‘lga quyildi, natijada mijozlar uchun obuna xizmatlari uchun elektron tarzda to‘lov qilish imkoniyati yaratildi.

     Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish, shuningdek, ularning tovarlarni eksport qilish imkoniyatini beruvchi “marketpleys” – “Unisavdo” onlayn savdo maydonchasi yaratildi. Bugungi kunda savdo maydonchasida 300 dan ortiq mahalliy tadbirkorlarning 15 000 dan ortiq mahsulotlari joylashtirildi.

     Pochta aloqasi ob’yektlarida AT "Aloqabank" bilan birgalikda “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan ishlab chiqilgan “AVVAL” to‘lovlar va o‘tkazmalar kompleks avtomatlashtirilgan tizimi orqali 1 970 ta pochta aloqasi ob’yektlarida aholidan 90 turdan ortiq to‘lovlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.

    Shuningdek, 1 970 ta pochta aloqasi obyektlarida 4 turdagi bank xizmatlari ko‘rsatilishi autsorsing asosida yo‘lga qo‘yildi.

    7. Toshkent shahrida “Xalqaro pochtamt” filiali binosida Internet-savdo maydonchalari egalariga o‘z mahsulotlarini saqlash, ya’ni omborxona muammosini hal etish hamda internet-savdo maydoncha orqali xarid qilingan mahsulotlarni shu yerning o‘zida tez fursatlarda qadoqlanib, mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beradigan logistika markaz (fulfilment markazi) xizmati yo‘lga qo‘yildi.

    Andijon viloyatining Asaka tumanida, Xorazm viloyatining Urganch shahrida va Buxoro viloyatining Vobkent tumanida logistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha qurilish ishlari yakuniga yetkazildi.

     Amalga oshirilgan ishlar natijasida “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan 2021-yil yilda 274,4 mlrd.so‘m daromad olinib, bu 2020-yilning shu davriga nisbatan (229,8 mlrd.so‘m) 19 foiz o‘sishga erishildi, natijada hisobot davrida 639,1 mln. so‘m sof foyda olindi.

    2022-yil 1-aprel holatiga Pochta aloqasi xodimlarining o‘rtacha ish haqi 1 832 282 so‘mga yetkazildi (2020-yil shu davrida 1 311 660 so‘m, o‘sish 40%).

     Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!

    Bu gapni oldingi uchrashuvlarimizda ham ta’kidlaganman, bugun ham yana bir bor eslatib o‘tmoqchimanki, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ommaviy axborot vositalari vakillari bilan har doim hamkorlikda ishlashga tayyor.

     E’tiboringiz uchun rahmat!

    Manba: Axborot xizmati