Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Inha universiteti bitiruvchisi Google Gmailda Android-dasturchi lavozimiga ega bo‘ldi
    27.07.2022

    Toshkent shahridagi Inha Universiteti bitiruvchi – Muhammadjon Toshpulatov, Google Gmailda (Kanada) Android-dasturchi lavozimiga ega bo‘ldi.

    1) Muhammadjon, aytingchi, Kanadaga qanday kelganingiz tarixi va u yerda qanday o‘quv dasturi va qaysi universitetda o‘qigansiz?

    Toshkent shahridagi Inha Universitetini bitirishga yaqin qolganda magistratura bosqichini chet davlatda o’qish rejasi paydo bo‘lgan. TShIUni bitirganimdan so‘ng O‘zbekistonda ishlab yurgan paytlarimda Kanada va Avstraliya davlatlaridagi bir nechta universitetlarga hujjat topshirdim. Universitetlarga qabul qilinganimdan keyin Kanadadagi Dalhauzi Universitetini tanladim. Bu universitetni tanlashimga asosiy sabab grant yutish imkoniyati, to‘lov kontrakt miqdori hamda o‘qishni bitirgandan so‘ng ishlash imkoniyatlari edi (Avstraliyadagi universitetlar bir necha barobar qimmat bo‘lgan). 2020-yil yanvar oyidan o‘qishni boshladim.

    Dalhauzi Universitetida Kompyuter Injiniring (Master of Computer Science) dasturi bo‘yicha ta’lim oldim. Dastur ikki yillik bo‘lib, bir yil uchta davr (term) ga bo‘lingan bo‘ladi. Birinchi yilda talabalardan, asosan, yo‘nalishga oid fanlarni o‘zlashtirish talab qilinadi. Ikkinchi yilda bo‘lsa, ilmiy ishda qatnashib, tezis yozish hamda uni himoya qilish kerak bo‘ladi. O‘qish davomida talabalarga o‘zlari topgan professorlar (supervisor) yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib borishadi. Men 2021-yil dekabr oyida tezisimni muvafaqqiyatli himoya qilib, o’qishni yakunladim. Bitiruv marosimi 2022-yil may oyida bo‘lib o‘tdi.

    2) Yangi mamlakat va yangi universitetga moslashish qiyin bo‘lganmi?

    Albatta, yangi mamlakatga ko‘chib borganda, avvaliga bir necha oy qiyinroq kechadi. Menga ham boshida qiyinroq bo‘lgan, sekin-asta u yerdagi ob-havo hamda hayot tarziga ko‘nikib olgandan keyin hammasi osonlashdi. Avvaliga o‘qishga tezda moslashib ketdim. Lekin pandemiya sababli o‘qishlar onlayn ko‘rinishga o‘tkazilgandan keyin bu ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar keltirib chiqardi.

    Birinchi bosqichni tugatishga yaqin ilmiy ishlarda qatnasha boshladim. Ikkinchi bosqichni boshlashdan oldidan avvaliga fakultet tomonidan yuqori baholar uchun beriladigan bir martalik grant, keyinchalik esa ilmiy ish uchun ajratiladigan grantlar sohibi bo‘ldim. Bular menga ikkinchi yil uchun to‘lov-kontrakt pulini to‘liq qoplashga yetdi.

    O‘qishni tugatishimga yaqin, Kanadadagi Microfocus kompaniyasida “Mitacs Accelerate” dasturi asosida praktika (internship)ga qabul qilindim. Bu dastur bo‘yicha to‘rt oy davomida “Machine Learning” hamda kiberxavfsizlik yo‘nalishlarida ilmiy ish bilan band bo‘ldim. Praktikani 2022-yil mart oyida muvaffaqiyatli tugatdim.

    3) Bizga ma’lumki, sizga yaqinda dunyoga mashhur bo‘lgan taniqli kompaniyadan taklif kelgan. Tanlov jarayoni haqida gapirib bersangiz va hozirgi ishingiz o‘zingizga yoqadimi?

    O‘qishni tugatganimdan so‘ng, Microfocus kompaniyasida praktika qilayotganimda allaqachon ish qidirish jarayonini boshlab yuborgan edim. Eng birinchi IT sohasidagi katta kompaniyalardan boshlashga qaror qildim. 2022-yil fevral oyida Google kompaniyasining vakansiyalar joylab boriladigan saytida Dasturiy Injener (Software Engineer) bo‘yicha vakansiya borligini ko‘rdim. O‘qib ko‘rsam, men barcha talablariga to‘g‘ri kelarkanman, topshirdim.

    Bir hafta ichida menga Googledan email keldi. Unda meni birinchi qo‘ng‘iroqqa taklif qilishgan edi. Intervyu uchun kunni belgiladim va tayyorlanishni boshlab yubordim. Ma’lumot uchun, intervyu ko‘p bosqichlardan iborat bo‘lib, ularda asosan “Data Structures and Algorithms” hamda ma’lum yo‘nalish (Android, iOS, Front-end, Back-end) bo‘yicha bilimlarni tekshirishadi. Shunday qilib, uch oy davomida bir nechta bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tdim. May oyida va nihoyat men kutgan “yoqimli” email keldi. U yerda menga rasmiy ravishda ish (offer) taklif qilingan edi: Google Gmail komandasida Android yo‘nalishi bo‘yicha dasturchilik. Bu komandani o‘zim intervyulardan birida tanlaganman. Shuningdek, komanda menejeri ham bunga rozilik bergan. Taklifni o‘qib ko‘rib, bir necha kun ichida kerakli savollarimga javoblar olganimdan keyin, ishni qabul qildim.

    Ish boshqa shahar – Voterlu (Waterloo)da joylashgan.

    Bu shahar hamda Kitchener shaharlari yonma-yon joylashgani uchun ko‘pincha bir-biri bilan almashtirib aytiladi. Iyun oyida bu shaharga ko‘chib o‘tib, 13-iyun kuni rasmiy ravishda ishni boshladim.

    Google katta kompaniya ekanligini bilar edim, lekin uning qay darajada katta ekanligini ish boshlaganimdan so‘ng tushunib yetdim. Hozir ham bu yerda bilmagan narsalarim juda ko‘p, sekin-sekin o‘rganyapman. Kompaniyada ishchilar uchun zo‘r sharoitlar yaratib berilgan. Tibbiy sug‘urta, gibrid ish kunlari, sport komplekslari, ikki yoki uch mahal kompaniyaning o‘zida bepul ovqatlanish, ishga kelish hamda ishdan ketish uchun transport va hokazolar shular jumlasidandir.

    Bizdan talab qilinadigani – barchaga hurmatli bo‘lib, o‘z ishimizni to‘g‘ri bajarish.

    4) TShIUni muvaffaqiyatli bitirganlardan biri sifatida Toshkent shahridagi Inha universitetining hozirgi talabalariga qanday tilaklar va maslahatlar bera olasiz?

    Toshkent shahridagi Inha universitetidan ko‘p yetuk kadrlar yetishib chiqayotganiga shubham yo‘q. Bu haqida ijtimoiy tarmoqlar hamda yangiliklarda tez-tez eshitib turaman.

    Talabalarga yoki yaqinda bitirganlarga quyidagi maslahatlarni bergan bo‘lardim:

    – O‘z oldingizga katta maqsadlar qo‘yib, unga qarab to‘xtamasdan intiling. Eng asosiysi, (sekinlik bilan bo‘lsa-da) bilim olish va o‘sib borish.

    – Faqatgina katta oylik topish asosiy maqsad bo‘lib qolmasin. Yoki allaqachon katta oylik topyatgan bo‘lsangiz, shu bilan to‘xtab qolmang. Hozirgi kunda dasturlash sohasida har yili yangi texnologiyalar chiqib bormoqda. Shuning uchun o‘zingizni doim rivojlantirib turing.

    – Ba’zi talabalar dasturchilikning qaysi yo’nalishini tanlash bo‘yicha bir qarorga kelolmay, bir kun Android, u qiyinlik qilsa, boshqa kun “Back-end”ni tanlab yurgan bo‘lishlari mumkin. Menda ham boshida shunday bo‘lgan. Shu holatdagi talabalarga o‘zlariga qiziq tuyulgan yo‘nalishni tanlab, o‘sha yo‘nalishda qiyin bo‘lsa ham, asta-sekin o‘rganib borishni maslahat beraman. “Consistency is the key”.

    – O‘zingiz bilgan yaxshi narsalarni, bilimlarni boshqalargayam ulashib boring.

    Shu bilan birga, barcha talabalarga kelgusidagi o‘qish va ishlarida omad tilab qolaman!

    Manba: Axborot xizmati