Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Raqamli texnologiyalar vazirligining yig‘ilishida sohada ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha vazifalar muhokama etildi
    21.02.2023

    Bugun, 21-fevral kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki Toshkent filialida Raqamli texnologiyalar vazirligining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari va korxonalari hamda ta’lim muassasalari rahbar-xodimlari ishtirok etdi.

    Yig‘ilishni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov olib bordi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatda 2023-yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilingan edi.

    Bugungi bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazirlik tizimidagi o‘quv muasasalari faoliyati, IT-ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

    Majlisda vazir o‘rinbosarlari, vazirlik markaziy apparati, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Amity universiteti, shuningdek, tizimdagi korxona va tashkilotlar rahbar-xodimlarining kun tartibida belgilangan masalalari yuzasidan hisobotlari eshitildi.

    Shuningdek, tizimdagi oliy ta’lim muassasalarining ta’lim sifatini ta’minlash, salohiyatli kadrlar tayyorlash, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash hamda ularga qo‘yiladigan malaka talablari to‘g‘risida amalga oshirishi zarur bo‘lgan birinchi navbatdagi masalalar muhokama qilindi.

    O‘z navbatida, universitetlarda transformatsiya qilish jarayonlarini amalga oshirish, IT-sertifikatlar, ingliz tili bo‘yicha talabalarning sertifikatlar olishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilandi.

    “Universitetlarda qilinayotgan ilmiy ishlarga alohida e’tibor qaratish zarur, ularning barchasi faqatgina qog'ozda emas, balki jamiyat uchun foydali bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, tizimdagi ta’lim muassasalaridagi o‘quv metodologiyasini talabalar uchun qiziqarli qilib, dunyoning nufuzli universitetlar qatoridan joy olishiga harakat qilish lozim”, – dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov.

    OTM rahbarlariga ta’lim sifatini ta’minlash, salohiyatli kadrlar tayyorlash, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash hamda ularga qo‘yiladigan malaka talablarini qayta ko‘rib chiqqan holda, 2023-yilda rivojlantirish chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

    Shu bilan birga, sohada eksport prognozi ko‘rsatkichlari ijrosi, soha bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar, shuningdek, vazirlik tizimida ijro intizomi holati bo‘yicha hisobotlar eshitildi va shu asosda vazifalar belgilandi.

    Manba: Axborot xizmati