Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • 9 May — Xotira va qadrlash kuni
    09.05.2021

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ko‘p ming sonli jamoasi butun O‘zbekiston xalqini, xususan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini va front orti mehnat faxriylarini 9 may - Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy qutlaydi.

    Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi jang maydonlarida haqiqiy jasorat va fidoyilik ko‘rsatib, qo‘lga kiritilgan g‘alabaga o‘zining ulkan hissasini qo‘shganligi hech kimga sir emas.

    Ta’kidlash kerakki, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etgan va ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘lgan. Shuningdek, urush davrida o‘zbek xalqi front uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib berishda ham jonbozlik ko‘rsatgan. Ayniqsa, o‘sha davrda O‘zbekistonga ko‘chirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh go‘daklarni bag‘riga olib, og‘ir damlarda ularga beqiyos g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan.

    Xalqimizning tarix sahifalariga o‘chmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, olijanobligi, mehr-muruvvati va yuksak ma’naviyati barchamizning qalblarimizga doim cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda.

    Shuning uchun bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini e’zozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qo‘yish yurtimizda ezgu an’anaga aylangan.

    An’anani davom ettirib, shu kunlarda butun respublikamiz bo‘ylab urush qatnashchilari va mehnat faxriylarining holidan xabar olish, ularni ham moddiy hamda ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda turli tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

    O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushi davomida jang maydonlarida ko‘rsatgan beqiyos jasorat va matonati oldida bosh egamiz hamda faxrlanamiz.

    Biz ular timsolida dono maslahatlari, boy hayotiy tajribasi bilan hammamizga ustoz va duogo‘y mo‘’tabar insonlarni ko‘ramiz.

    Yosh avlodimizni Vatanga va xalqqa sadoqatli, jasur insonlar etib tarbiyalashda biz ularni doimo o‘rnak deb bilamiz.

    Hurmatli Vatandoshlar, Siz azizlarni yana bir marta Xotira va Qadrlash kuni bilan qutlab, sizlarga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, xonadoningizga qut-baraka, ishlaringizda omad yor bo‘lishini tilaymiz.

    Mard va matonatli xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

     

    Manba: Axborot xizmati