eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • 7-may – Aloqachilar kuni munosabati bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda tizimdagi tashkilotlar xodimlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
    10.05.2021

    Bugun,10-may kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga yonaltirilgan fanlarni chuqurlashtirib oqitishga ixtisoslashgan maktabda 7-mayAloqachilar kuni munosabati bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda tizimdagi tashkilotlar xodimlarini tantanali taqdirlash marosimi bolib otdi.

    Ushbu taqdirlash marosimida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasining yuqori darajada yuksalishi hamda ravnaqi yo‘lida faoliyat yuritayotgan, sohaning rivojlanishiga o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib kelayotgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan kompaniya va jamiyatlar, korxona va tashkilotlar, shuningdek, sohadagi xorijiy va xususiy korxonalari rahbar xodimlari va mutaxassislari Vazirlik tomonidan “Faxriy yorliq”, “Mohir aloqachi” faxriy unvoni, “O‘z kasbining ustasi” belgisi bilan taqdirlandilar.

    Mazkur tadbirda Vazirlikning hududiy boshqarmalari, viloyatdagi tizim tashkilot va korxona vakillari videokonferensaloqa orqali ishtirok etishdi.

    Hozirgi tezkor rivojlanish davrida, qayerda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari hayotga izchil tatbiq etilsa, o‘sha joyda o‘sish bo‘ladi. Bu sohaning turli faoliyatlarga joriy qilinishi iqtisodiy o‘sish va davlatning ilmiy-texnik rivojlanishida bosh omil vazifasini o‘taydi.

    Shu o‘rinda sohada keyingi vaqtda amalga oshirilayotgan va erishilgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tsak.

    2011-yilda 1 Mb/s. xalqaro Internet kanalining narxi 939 816 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2016-yil ushbu ko‘rsatkich 295 030 so‘mni ko‘rsatdi. Amalga oshirilayotgan keng qamrovli va samarali islohotlar natijasiga ko‘ra 2021-yil 1-maydan ushbu narx 32 000 so‘m miqdorida belgilandi va ushbu narx yana 30 foizga pasaydi.

    2011-yilda xalqaro tarmoq, yaʼni internet kanali o‘tkazuvchanligi 7,8 Gbit/sni tashkil qilgan. 2020-yilning so‘ngida bu raqam 1 200 Gbit/sga yetkazildi kanallar hajmi 30 barobarga oshirildi.

    Internet xizmatlarining sifati va yuqori tezligini taʼminlashga xizmat qiluvchi optik tolali tarmoqning uzunligi 2011-yilda respublika miqyosida 12,6 ming kmga teng bo‘lgan. 2020-yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 68,6 ming kilometrni tashkil etdi, 2021-yilda birinchi chorakda esa 81,7 ming kilometrga yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu ko‘rsatkichni 118,6 ming kilometrgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

    Ushbu optik tolali tarmoqlarning qurilishi natijasida butun mamlakat bo‘ylab 9 627 ta xalq taʼlimi obyektlari, 5 625 ta maktabgacha taʼlim muassasalari, 3 401 ta sog‘liqni saqlash obyektlari sifatli va tezkor Internet aloqasiga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

    2019-yilda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan 173 ta xizmat ishga tushirilgan bo‘lsa, bu raqam 2020-yilda 218 taga yetkazildi. 2021-yil yakuniga qadar esa ularning sonini 278 taga yetkazish ustida ish olib borilmoqda (o‘sish 1,6 barobar).

    Mazkur xizmatlar orqali 2018-yilda 2,4 mln.ta xizmat ko‘rsatilgan, 2019-yilda 5,8 mln.ta, 2020-yilda 9,8 mln.ta xizmat ko‘rsatilgan (o‘sish 4,1 barobar).

    Davlat tashkilotlari va organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan 2018-yilda 38,7 ming, 2019-yilda 77,7 ming, 2020-yilda esa 380,0 ming nafar foydalanuvchi foydalangan (o‘sish 9,8 barobar).

    Bundan tashqari, elektron hukumatning yagona billing tizimi yaratilgan bo‘lib, 2017-yilda umumiy qiymati 20 mlrd. so‘mga teng 16,6 ming ta tranzaksiyalar amalga oshirilgan bo‘lsa, 2020-yilda bu ko‘rsatkich 2,8 trln. so‘mga teng 11,5 mln.ta tranzaksiyani tashkil etgan (o‘sish mos ravishda 140 va 693 barobar).

    Axborot texnologiyalari sohasini va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohadagi startap-loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy va yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlarni targ‘ib qilishga ko‘maklashish maqsadida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. IT-park va uning Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand filiallarida 900 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. IT-Park rezidentlarining amalga oshiradigan faoliyat turlari 4 tadan 18 taga kengaytirilib, ularning rezidentlari soni 411 dan ortdi.

    Litsenziya va ruxsat berish bilan bog‘liq masalalar litsenziya berish tartibi qisqartirish va soddalashtirish bo‘yicha aniq takliflar amaliyotga joriy etildi, jumladan tadbirkorlik subyektlaridan talab etiladigan hujjatlar 4 taga va litsenziyalar soni 40 tadan 28 tagacha kamaytirildi.

    Yuqorida keltirilgan ma’lumot va raqamlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismi va uni yana davom ettirish mumkin.

    Bir so‘z bilan aytganda, respublikamizning barcha hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish, axborot texnologiyalarini joriy etish hamda aholi hayot darajasi va farovonligining barqaror o‘sishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mana shunday ulkan o‘zgarishlarni amalga oshirish va oldinga qo‘yilgan marralarga erishish uchun soha xodimlarining mehnati va o‘rni juda ham katta shu bilan birga beqiyosdir.

    Tadbir so‘ngida xodimlar tomonidan sohani rivojlantirishga oid takliflar, mulohazalar bildirildi hamda   Vazir Sh. Sodiqov bilan samimiy suhbat bo’lib o’tdi.

     

    Manba: Axborot xizmati