Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi qabul qilinganligining 30 yilligi bilan samimiy qutlaydi
    02.07.2022

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakatimiz xalqini O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklaydi!

    Har bir davlatning milliy ramzlari o‘sha mamlakatning or-nomusi, shon-sharafi hisoblanadi. Buning yaqqol namunasi sifatida o‘z davrida timsollarini, yaʼni tug‘ini har qanday holatda ham asrab qolishga harakat qilgan Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi sarkardalarning hayot yo‘li, ularning bu boradagi qahramonliklari har birimizga ibrat bo‘lishi kerak.

    O‘zbekiston gerbidagi purviqor tog‘lar, daryolar va chap tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh o‘zining zarrin nurlarini ayamasdan taratmoqda.

    Gerbimizning yuqori qismidagi sakkkizburchak, uning ichki qismida yarim oy va yulduz Ona Vatanimiz hurligini, ozodligi va erkinligini ifodalaydi. Markazda esa baxt va erksevarlik ramzi – qanotlarini yozgan Humo qushi qanot qoqayotgan bo‘lsa, pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “O‘zbekiston”, deb yozib qo‘yilgan.

    O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi talablariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, respublika davlat boshqaruvi organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Markaziy bank, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sudlar, prokuratura organlari, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarining old tomoniga joylashtiriladi.

    Ushbu qonunning 8-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart. O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

    O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi qabul qilinganligining 30 yilligi muborak bo‘lsin!

    Manba: Axborot xizmati