Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston va Hindiston: AKT sohasidagi samarali hamkorlik
    28.01.2022

    2022-yil 28-yanvar kuni “Yangi O'zbekiston” gazetasining 19-sonida “O‘zbekiston va Hindiston: AKT sohasidagi samarali hamkorlik” nomli maqola chop etildi. 

    Mazkur maqolada O‘zbekiston va Hindiston hamkorligi doirasida amalga oshirilgan samarali ishlar to‘g‘risida so‘z yuritilgan. 

    Maqolaning gazeta ko'rinishidagi varianti.

     

    Raqamlashtirish

    O‘zbekiston va Hindiston: AKT sohasidagi samarali hamkorlik

    So‘nggi yillarda ko‘plab xorijiy oliy ta’lim muassasalari katta qiziqish bilan yurtimizda o‘z filiallarini ochish istagini bildirmoqda. Natijada hamkorlik aloqalari kengayib, IT maktablar qurish, kadrlarni sifatli tayyorlash masalalari bo‘yicha tajriba almashilayotir. Bu, albatta, quvonarli. Jumladan, texnologiya va kommunikatsiyalar bo‘yicha dunyoning yetakchi davlatlaridan sanalgan Hindiston universitetlari filiallarining yurtimizda faoliyat boshlashi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.

    Shu kunga qadar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish sohasida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bir nechta loyiha amalga oshirildi. Hindiston Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi huzuridagi Dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati (STPI) bilan hamkorlik doirasida Toshkent shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tashkil etilgani fikrimiz dalilidir.

    Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi va Hindiston axborot texnologiyalari markazi o‘rtasida elektron hukumatning qator yo‘nalishlari: elektron tibbiyot, elektron ta’lim, elektron parlament, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqalar bo‘yicha davlat xizmatchilarini o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilib kelinmoqda.

    Xalqaro tajribani amaliyotda qo‘llash, axborot texnologiyalari sohasida bilim almashish, shuningdek, sheriklik aloqalarini mustahkamlash maqsadida 2019-yil 18-martdan boshlab hindistonlik tajribali mutaxassis IT parkka maslahatchi sifatida jalb qilindi.

    Hindiston tajribasiga asoslanib, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. O‘zbekistonda Biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) yo‘nalashini rivojlantirish maqsadida Hindistondan yirik BPO korxonalar jalb qilinib, ular yordamida mahalliy tadbirkorlarni shu yo‘nalishda ish olib borish, ular uchun barcha kerakli treninglar tashkil etish mo‘ljallangan. Shu bilan birga, IT park hamda Gujarat elektronika va dasturiy ta’minot assosiasiyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida O‘zbekistonning startap ekotizimini rivojlantirish to‘g‘risida memorandum imzolandi. Assosiasiya mutaxassislari ishtirokida IT parkning ikkinchi to‘lqini inkubasiya va akselerasiya dasturlari uchun startap loyihalarga 169 ta tanlov o‘tkazilib, 23 ta startap loyiha tanlab olindi.

    Ayni vaqtda Toshkent shahridagi IT parkning yangi infratuzilma ob’yektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda umumiy maydoni 408 ming kvadrat metr bo‘lgan 17 ta infratuzilma ob’yekti qurilmoqda.

    IT park hamda “iCreate” Xalqaro tadbirkorlik va texnologiyalar markazi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida 2021-yilning aprel oyida IT parkning biznes modelini ishlab chiqish va moliyaviy komponentlarni tahlil qilish bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan 4 ta onlayn o‘quv sessiyasi o‘tkazildi.

    Ta’lim sohasidagi uzoq yillik kelishuvlar

    Hindiston bilan O‘zbekiston o‘rtasida ko‘p tarmoqli uzoq yillik kelishuvlar shu kunga qadar o‘zining ijobiy samarasini berib kelmoqda. Binobarin, tibbiyot, ta’lim, elektronika, texnika, shuningdek, iqtisodiy-siyosiy aloqalar shular jumlasidandir.

    Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi Javoharla’l Neru nomidagi O‘zbek–Hind Axborot texnologiyalari markazi 2004-yil 29-oktyabrda Dehli shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi hukumatlari o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga muvofiq tashkil etilgan edi.

    Markazning asosiy faoliyati axborot texnologiyalari sohasida o‘quv kurslarini tashkil etishdan iborat. U, asosan, C / C ++, C # va Java kabi dasturlash tillari bo‘yicha talabalar uchun uzoq muddatli mashg‘ulotlar hamda davlat boshqaruvidagi mutaxassislarga yo‘naltirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini o‘z ichiga oladi.

    Markaz tashkil topgandan to hozirgi kungacha 32800 nafar o‘quvchi unda malaka oshirgan. Ulardan 5100 nafari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlari talabalari hisoblanadi. Qolgan 27700 nafari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yirik kompaniyalar, banklar va boshqa tashkilotlar xodimlaridir.

    Markaz faoliyati shu bilan cheklanib qolgani yo‘q. U AKT sohasida ham o‘zining boy tajribasi bilan o‘quvchilar tayyorlab kelmoqda. Ushbu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida yetakchiga aylanish maqsadida markaz o‘quv kurslari mazmunini yangilash, sun’iy intellekt, mashinasozlik, kiberxavfsizlik kabi yangi yo‘nalishlar bo‘yicha murabbiylarni tayyorlashni maqsad qilgan.

     Viloyatlarda Hindiston OTMlarining filiallari ochiladi

    Joriy yilning 19-yanvar kuni Hindistonning Acharya institutlar tarmog‘i ijrochi direktori bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvda mehmonlar IT-mutaxassislar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

    Bundan tashqari 24-yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutasaddilari Hindistonning Integral universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida Hindistonda yuqori nufuzga ega bo‘lgan Integral universiteti vakillari mamlakatimiz viloyatlarida o‘z filiallarini ochish istagini bildirdi.

    Shu bilan birga, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekistonda IT ta’limni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha fikrlar bildirildi.

    Hindistonning Integral universiteti mamlakatning obro‘li oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi. Mazkur universitetga 2004-yili Lakxnau shahrida asos solingan. Hozir unda qariyb 10 mingga yaqin talaba arxitektura, kompyuter ilmi, iqtisod, tijorat, madaniyat va boshqa sohalardagi 150 dan ortiq ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olmoqda. Universitetda 17 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar hamda 14 ta mutaxassislik bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi.

    Toshkent shahridagi Amity universiteti faoliyatiga nazar

    Toshkent shahridagi Amiti universiteti 2019-yil 24-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-yanvardagi “Toshkent shahrida Amiti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

    Hozir universitetda beshta yo‘nalish (Dasturiy texnologiyalari, Kompyuter injiniringi, Iqtisodiyot, Biznes boshqaruvi, Turizm boshqaruvi) bo‘yicha bakalavrva magistrlar tayyorlanmoqda. Ta’lim muddati bakalavriatda yo‘nalishiga qarab 3-4 yil, magistraturada 2 yil olib boriladi. Shuningdek, universitetda 11 yillik maktabni tamomlagan abituriyentlarni qabul qiladigan va asosiy bakalavriat kurslari boshlanishidan bir yil oldin o‘qitishni ta’minlaydigan boshlang‘ich umumiy ta’lim tizimi — Foundation faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozir Foundation kurslarida 298 nafar talaba tahsil olmoqda.

    Ta’lim jarayoni dastlab to‘liq shartnoma asosida tashkil etilganiga qaramasdan, 2019/2020 va 2020/2021 o‘quv yillarida Amiti universiteti (Hindiston)da bakalavrlar uchun 40 foizlik grant va 2021/2022 o‘quv yillarida 30 ta davlat granti ajratildi.

    Birinchi – 2019/2020 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarida 499 nafar talaba tanlovdan o‘tdi. Kirish imtihonlari to‘liq hindistonlik mutaxassislar tomonidan uch bosqichda o‘tkazildi.

    2020/2021 o‘quv yili uchun imtihon topshirishga 11065 abituriyent hujjat topshirdi, ulardan 345 nafari tanlab olindi. Ya’ni, bir o‘ringa 30 tadan ortiq talabgorlar xujjat topshirgan. O‘zbekistonda birinchi marta kirish imtihonlari hindistonlik mutaxassislar tomonidan to‘liq onlayn o‘tkazildi. Bunda barcha jarayonga sun’iy intellekt tomonidan kuzatib borildi. Bugungi kunda universitetda jami 859 talaba tahsil olmoqda. Hozir muassasada 33 nafar chet ellik o‘qituvchi ishlaydi, ularning 60 foizi falsafa doktori — PhD darajasiga ega o‘qituvchilardir.

    Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonga xorijiy davlatlarning har tomonlama qiziqishi ortib borayotgani, albatta quvonarli. Turli davlatlar qatori bugun Hindiston ham O‘zbekistonning muhim strategik hamkoriga aylanib bormoqda.