Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan IT mutaxassis kadrlarni tayyorlash – davr talabi
    14.06.2022

    Bugun, 14-iyun kuni AOKAda “Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan IT mutaxassis kadrlarni tayyorlash davr talabi bo‘lib, raqobatbardosh IT kadrlarni tayyorlashda olib borilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

    Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mas’ullari, Toshkent shahridagi Amity universiteti boshqaruv direktori v.b. Bobur Abdullayev, “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki Direksiyasi” MCHJ Direktorning hududiy rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulahad Kuchkarov, Inha universiteti rektori Muzaffar Jalolov hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Baxtiyor Mahkamov qatnashdi.

    Ushbu matbuot anjumanida mamlakatimizda IT kadrlarni tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumotlar berildi.

    Bugungi kunda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu tizim orqali maktab yoshidan boshlab o‘quvchilarni ushbu sohaga jalb qilish hamda ularning qiziqishlarini qo‘llab quvvatlab kelinmoqda.

    Jumladan, 2020-yilda 14 ta tayanch IT-maktablar ochilgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilidan yana 86 maktablar o‘z faoliyatini boshladi. Ularda axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitish uchun barcha zaruriy sharoitlar, moddiy-texnik baza bilan ta’minlanadi.

    Ushbu maktablarga Davlat test markazi bilan hamkorlikda o‘quvchilar 5-sinfdan imtihonlar asosida saralab olindi. Bugungi kunda ularda 4 mingdan ortiq o‘quvchilar tahsil olmoqda.

    Shuningdek, respublikamizning tuman (shahar)larida tashkil etilgan 205 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari orqali tinglovchilar kompyuter savodxonligi, dasturlash asoslari, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish, raqamli tadbirkorlik asoslari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitilmoqda.

    Shu bilan birga, IT Parkning 100 dan ortiq IT ta’lim rezidentlari ham faoliyat yuritmoqda.

    Bundan tashqari, respublikaning 14 ta hududida IT texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda dasturiy injiniring, kompyuter injiniring, axborot xavfsizligi, telekommunikatsiya texnologiyalari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 3 ming nafarga yaqin o‘quvchilar o‘qitilmoqda.

    Mazkur texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘lishadi.

    Bundan tashqari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 6 ta hududiy (Nukus, Urganch, Qarshi, Samarqand, Farg‘ona, Nurafshon) filiallarida malakali oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlab kelinmoqda.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 15 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 33 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

    Shuningdek, filiallarda 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 3 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

    Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida bugungi kunda 1 000 nafarga yaqqin professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritib, ularda jami 21 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda.

    Raqamli texnologiyalarning rivojlanish tendensiyasidan kelib chiqib, joriy o‘quv yilda ushbu universitetda sun’iy intellekt, mexatronika va robototexnika, kiberxavfsizlik injiniringi kabi jami 10 dan ortiq yangi yo‘nalishlar tashkil qilindi.

    Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari qoshidagi 6 ta akademik liseylarning “Aniq fan-1(texnika)” va “Aniq fan-2 (iqtisod)” yo‘nalishlarida 3 minga yaqin o‘quvchilar tahsil olmoqda.

    Shu bilan bir qatorda, “IT” soha uchun xorijiy oliy ta’lim muassasalari tomonidan ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

    Toshkent shahridagi Inha universitetida 2 ta (Kompyuter va dasturiy injiniring, Logistika) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 1 ta (Raqamli transformasiya) magistratura mutaxassisligida jami 1700 nafar talaba taxsil olmoqda. Shu bilan birga ushbu talabalarga 36 nafar professor-o‘qituvchilar ta’lim bermoqda.

    Bundan tashqari, 2021 yildan boshlab Raqamli transformasiya magistratura mutaxassisligi ham ochilgan bo‘lib, jami 50 kvota belgilangan.

    Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilida Toshkent shahridagi Inha universitetiga davlat buyurtmasi asosida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha – 50 nafar talaba qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.

    Toshkent shahridagi Amity universitetida 5 ta (Iqtisodiyot, Turizm boshqaruvi, Biznes boshqaruvi, Axborot texnologiyalari, Kompyuter fanlari va injiniringi) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 1 ta (Axborot texnologiyalari) magistratura mutaxassisligida jami 800 nafarga yaqin talaba taxsil olmoqda. Shu bilan birga ushbu talabalarga 23 nafar professor-o‘qituvchilar ta’lim bermoqda.

    Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilida Toshkent shahridagi Amity universitetiga davlat buyurtmasi asosida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha – 30 nafar talaba qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.

    “IT-Park University” raqamli universiteti Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, 2022/2023 o‘quv yilidan faoliyati boshlaydi. Universitet “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ bilan “Epam Systems” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasi o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq kadrlar tayyorlashni tashkil qiladi.

    EPAM kompaniyasi – 1993 yilda AQSHda tashkil etilgan bo‘lib, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi va IT-konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi yetakchi korxona hisoblanadi. Kompaniya vakolatxonalari 40 dan ortiq davlatlarda mavjud (Avstriya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, BAA, Germaniya, Xitoy, Hindiston, Kanada, Kozog‘iston va b.).

    Kompaniyada 58 mingdan ortiq IT-mutaxassislar ishlaydi. Uning kapitalizasiyasi 2022 yil aprel oyida 16,8 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi.

    EPAM kompaniyasi Fortune jurnalida 15 ta eng yaxshi IT-kompaniyalaridan biri hamda so‘nggi 3 yil davomida “100 ta eng tez rivojlanayotgan kompaniyalar” ro‘yxatida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.

    2019 yilda EPAM ta’lim dasturlari “Sifatli ta’lim” nominasiyasida Global SDG Award mukofotiga sazovor bo‘ldi, shuningdek, kompaniya Belarusdagi EPAM universiteti dasturi uchun “Eng yaxshi universitet va biznes hamkorligi” uchun CEE Shared Services bilan mukofotlangan.

    Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi hamda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Universitetda o‘qitish axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda masofaviy ta’lim shaklida amalga oshiriladi. Universitet bitiruvchilariga respublikada oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan o‘z na’munasidagi diplom beriladi.

    Tashkent International University of Education (TIUE) 2020-o‘quv yilidan faoliyatini boshlagan bo‘lib, bugungi kunda Universitetda 440 nafarga yaqin talabalar, Axborot texnologiyalari, Biznes boshqaruvi, va Ta’lim va ta’lim jarayonlarini boshqarish bakalavr ta’lim yo‘nalishlari mutaxassisliklarida tahsil olishmoqda.

    Talabalarga AQSH, Malayziya, Singapur, Rossiya va Buyuk Britaniyada kelgan doktorlik darajasiga ega xorijiy professor-o‘qituvchilar va Janubiy Koreya, Italiya, Xitoy, AQSH, Hindiston va boshqa dunyoning nufuzli universitet va akademiyalarida doktorlik darajasiga ega mahalliy professor-o‘qituvchilari ta’lim berishmoqda.

    Shuni takidlab o‘tish joizki yuqorida qayd etilgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari EPAM, Google, Amazon, Zenith Ai, Analog Devices, SMARTC&S.co.kr, CenterPrime kabi yirik kompaniyalarda, shuningdek, respublikamizdagi vazirlik va idoralar, banklar hamda yirik kompaniyalarda faoliyat yuritishmoqda.

    Jumladan, EPAM kompaniyasining 60 foizga yaqin xodimlari TATU va Inha bitiruvchilari hisoblanadi.

    Yaxshi daromad topish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan IT mutaxassis bo‘lib yetishish uchun yuqorida qayt etilgan oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin.

    AKT va chet tillarini puxta o‘rgansangiz, albatta kelgusi hayotingizda o‘z oilangiz bilan o‘z yurtingizda yashab, iqtisodiy rivojlangan davlatlar bozorlariga masofaviy xizmatlar ko‘rsatib yuqori daromad olish imkoniga ega bo‘lasiz.

    Manba: Axborot xizmati