Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT vaziri Germaniyaning Sofwarezentrum dasturiy ta’minot markazi boshqaruv direktori bilan uchrashdi
    15.11.2022

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov va IT Park rezidentlari Germaniyaning Shtutgart shahrida joylashgan Sofwarezentrum dasturiy ta’minot markazi tashrif buyurdi.

    Tashrif doirasida Softwarezentrum markazi boshqaruv direktori Gans Ulrix Shmidt bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi.

    Ushrashuvda IT-kompaniyalarning IT yo‘nalishi bo‘yicha o‘ziga xos xususiyatlari va markazga a'zo IT-kompaniyalar haqida ma’lumotlar berildi.

    Uchrashuv davomida vazir Sh. Shermatov O‘zbekistonning inson kapitali va salohiyati, IT-korxonalar uchun yaratilgan infrastruktura, taqdim etilayotgan imtiyozlar, IT-mutaxassislarni tayyorlash, O‘zbekistonda IT-xizmatlar eksporti o‘sish tendensiyalari va IT Park rezidentlari bilan birgalikda erishilgan yutuqlar haqida so‘zlab, rasmiy tashrifning asosiy maqsadlaridan biri Germaniya hududida IT Park filialini ochish va u orqali Yevropa Ittifoqi bozoriga “onshor autsorsing” (onshore outsourcing) xizmatlarini taklif etish ekanligini bildirdi.  

    O‘z navbatida, Gans Ulrix Shmidt Germaniyada IT sohasining turli yo‘nalishlarida IT-mutaxassislar yetishmovchiligi yuzaga kelayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Uning taʼkidlashicha, GFR hududida rasmiy korxona ochish va faoliyat yuritish hamda Yevropa bozorini oʻrganish maqsadida almashinuv dasturi asosida Oʻzbekistondan Germaniyaga yosh IT-mutaxassislarini jalb qilish yaxshi natijalarga olib keladi.

    Shu o‘rinda, vazir Sh. Shermatov ushbu vaziyat IT Park rezidenti korxonalariga yangi imkoniyatlar yaratishini va Germaniya loyihalarini O‘zbekistondan turib, masofaviy, ya’ni autsors sifatida amalga oshirib berish vazifasi muammo bo‘lmasligini ta’kidlab o‘tdi.

    O‘zbekiston va Germaniya IT-korxonalari o‘rtasida qo‘shma tadbir va xakatonlar uyushtirish, Softwarezentrum'ga a’zo IT-kompaniyalarni O‘zbekistonga taklif etib, barcha imkoniyatlar bilan tanishtirish takliflari berildi hamda hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

    Ma’lumot uchun, Softwarezentrum Yevropadagi eng yirik dasturiy ta’minot markazlaridan biri bo‘lib, 12 000 kv.m.dan ortiq ofis maydoniga ega. Ushbu markazning aʼzolari – 110 ta dasturiy taʼminot kompaniyasi. Aʼzo kompaniyalar vakillaridan tashqari, maslahat Kengashiga taniqli kompaniyalar va muassasalar vakillari kiradi, jumladan, Böblingen Savdo palatasi, Baden-Vyurtemberg yer Iqtisodiyoti vazirligi, L-Bank, Hewlett Packard, IBM Germany va Daimler AG.

    Manba: Axborot xizmati