Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “O‘zbekistonda Gender raqamli tafovutni bartaraf etish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi
    15.12.2022

    Bugun, 15-dekabr kuni Toshkent shahridagi Hilton mehmonxonasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekistondagi BMT ning taraqqiyot dasturi, Xalqaro Elektraloqa Ittifoqi (XEI) va boshqa xalqaro tashkilot vakillari ishtirokida “O‘zbekistonda Gender raqamli tafovutni bartaraf etish” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

    Tadbir O‘zbekistonda gender raqamli tafovutni bartaraf etish bo‘yicha asosiy tavsiyalar va yana bir qancha masalalarga bag‘ishlandi. 

    Uchrashuvda AKT vaziri Sh. Shermatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayxo Maxkamova, BMTTD’ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va boshqa bir qancha xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.

    “Bu yo‘nalishda doim hamkorlikda ishlashga tayyormiz. Raqamli tafovut haqida gapiradigan bo‘lsak, dastlab O‘zbekistonda ko‘pchilik xotin-qizlar internetdan foydalanmas ekan, degan fikrlar paydo bo‘lgandi. Biroq aslida unday emas. Turli izlanishlar orqali ma’lum bo‘lmoqdaki, aholining bu qatlami ham axborot texnologiyalaridan unumli foydalanmoqda. 

    Bu orqali biz ayollarni AKT sohasiga ko‘proq jalb qilishga, masofaviy xizmatlar bilan ta’minlash va o‘qitishga harakat qilyapmiz. Prezidentimiz tomonidan axborot texnologiyalari sohasida belgilab berilgan strategiyalaridan keyin ko‘pgina ishlar amalga oshirildi va joriy yil oxiriga qadar IT xizmatlar eksporti hajmini 100 mln dollarga yetkazish niyatidamiz. Keyingi 5 yillikda esa 1 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buning uchun esa biz ushbu jarayonda ayollarimizning ko‘proq ishtirok etishini xohlaymiz”, – dedi AKT vaziri Sh. Shermatov o‘z nutqida. 

    Shuningdek, uchrashuvda Raqamli bo‘linishni tartibga soluvchi eng yaxshi amaliyotlar va dunyoni bog‘lash uchun tashkilotlararo hamkorlik, Raqamlashtirishda Gender tengligi: asosiy to‘siqlar va oldinga yo‘llar, O‘zbekistonda gender masalalarini hal etish uchun ayollarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

    Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oʻrtasida oʻzaro Anglashuv memorandumi imzolandi.

    Manba: Axborot xizmati