Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “UZ-NLP Challenge” xakatoniga start berildi
    23.12.2022

    Bugungi kunda iqtisodiyotni raqamlashtirish, raqamli ma’lumotlarni yaratish va “aqlli” texnologiyalarni joriy etish, shubhasiz, iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini oshirishning asosiy “drayver”iga aylanmoqda.

    Sun’iy intellekt ushbu zamonaviy texnologiyalarning ajralmas qismidir.

    “Xakaton” – bu rivojlanishning yangi bosqichi, yangi bilimlar olish va ushbu bilimlarni amaliyotga tadbiq etish va yoshlarning o‘z salohiyatini yuzaga chiqarish imkoniyati. Shuni ham takidlash joizki, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish g‘oya va intilishlarga boy yoshlar bilangina amalga oshadi.

    Shu maqsadda, sun’iy intellekt texnologiyalarini yoshlar orasida ommalashtirish, ular orasidan iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish hamda yoshlarning ushbu sohaga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida shu kunga qadar 2 ta xakaton musobaqasi o‘tkazildi. Birinchi marotaba 2021-yilning 24–26-dekabr kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi Inxa universitetida “Voice AI Challenge Uzbekistan 2021” tashkil etilgan.

    Xakatonda 100 dan ortiq ishtirokchilar (30 dan ortiq jamoa) ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilning 24–26-iyun kunlari Toshkent shahridagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida sun’iy intellekt yo‘nalishidagi “Computer Vision AI Challenge” nomli ikkinchi xakaton tashkil etildi. Birinchisidan farqli ravishda, ushbu xakatonda ishtirokchi qizlar soni sezilarli darajada ortdi. Ushbu ko‘rsatkich sun’iy intellektga qizlarning ham qiziqishi ortayotganini ko‘rsatadi.

    Tashkil etilgan xakatonlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 23–25 dekabr kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Dasturiy mahsulot va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park), Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda Uzinfocom bilan hamkorlikda uchinchi “UZ-NLP Challenge” deb nomlangan xakaton Toshkent shahridagi Amiti universitetida bo‘lib o‘tmoqda.

    Xakatonning bugungi ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari J. Egamberdiyev ishtirok etib, nutq so‘zladi hamda ishtirokchilarga omad tiladi.

    Tadbir sun’iy intellekt va matematik tilshunoslikka bag‘ishlangan bo‘lib, mazkur tadbir 3 kun davom etadi. Unda ishtirokchilar o‘zbek tilidagi ovozli ma’lumotlar asosida ilova, bot, dastur yoki boshqa istalgan dasturiy mahsulotni yaratishlari zarur bo‘ladi.

    Xakatonga jami 351 nafar ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 150 nafari saralab olinadi. Jami 50 ta jamoa ishtirok etadi. Xakatonda ishtirok etish orqali tanlov ishtirokchilari o‘z loyihasini amalga oshirish va sun’iy intellekt mutaxassislari yordamida minimal hayotiy mahsulotni ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

    Ishtirokchilarga o‘z mahsulotlarini yaratishda jami 8 nafar sun’iy intellekt yo‘nalishidagi yuqori malakali mutaxassislar yordam beradilar. Tadbirning so‘nggi kunida final bosqichiga o‘tgan jamolarning yaratgan loyihalari jyuri a’zolari tomonidan baholanadi.

    Manba: Axborot xizmati