Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston - Qirg‘iziston hukumat rahbarlarining uchrashuvi
    10.03.2023

    Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi - Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida 9-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashdi.

    Qayd etilganidek, ikki davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi, shaxsiy tashabbusi, birgalikdagi sa’y-harakati tufayli ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 26-27-yanvar kunlari Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan o‘tkazgan muzokaralari, hech shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarda tarixiy voqea bo‘ldi.

    Oliy darajadagi tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochib, har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi.

    Hukumat rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar uchrashuvida barcha kelishuv va imzolangan hujjatlarning o‘z vaqtida hamda so‘zsiz bajarilishini ta’minlash asosiy vazifa ekani ta’kidlandi.

    O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarida iqtisodiy hamkorlik muhim yo‘nalish hisoblanadi. Oxirgi 6 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 7 barobar o‘sdi va 2022-yil yakuniga ko‘ra 1,3 milliard dollarni tashkil etdi.

    Ikki davlat rahbarlari tomonidan hukumatlar zimmasiga yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Bunda savdo-sotiq, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi, energetika, elektrotexnika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

    Qirg‘iziston hukumati delegatsiyasi mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Toshkent shahridagi bir qator sanoat va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

    Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.

    Manba: Axborot xizmati