Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2022-yilda olib borilgan ishlar tahlili yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
    28.03.2023

    Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2022-yilda olib borilgan ishlar tahlili yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

    Unda Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o'rinbosari Oleg Pekos, Strategik rivojlantirish departamenti boshlig‘i Jahongir Shukurov, Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Yo‘ldoshev, shuningdek, vazirlik soha xodimlari ham ishtirok etdi.

    Axborot-kommunikatsiya xizmatlari (aloqa va axborotlashtirish hamda kompyuter xizmatlari) hajmi 2021-yilga kelib 17,8 trln soʻmga yetdi. 2022-yilda esa bu miqdor keskin oshib, 22,9 trln soʻmga yetdi.

    Aholi jon boshiga xizmatlar hajmi 2016-yilda 198 ming soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, 2020-yilda 404,7 ming soʻmni, 2021-yilda 508,5 ming soʻmni, 2022-yilda esa 642,9 ming soʻmni tashkil etdi. 

    2022-yilda jami 396,1 mln AQSH dollari miqdorida investitsiyalar qilingan. 

    2022-yilda jami 4,6 mlnta uy xoʻjaliklarida internetga ulanish imkoniyati yaratilgan. Jami internetdan foydalanuvchilar soni 2020-yilda 22,5 mlntani tashkil qildi. Shundan Mobil internetdan foydalanuvchilar soni esa 21,4 mlnni tashkil etdi. 2021-yilda mos ravishda jami internet foydanaluvchilari soni 27,9 mlnni, mobil internet foydanuvchilari soni 26,4 mlntani tashkil qildi. 2022-yilga kelib jami internet foydanaluvchilari 31,1 mlnni, shundan mobil internet foydananuvchilari soni 29,5 mlntaga yetkazildi.

    2022-yilda aholi maskanlarining 99 foizi 2G, 87 foizi 3G, 75 foizi 4G aloqa qamrovi bilan qoplangan. 2022-yilda 170 ming km optik tolali aloqa liniyalari tortilib, aholi maskanlarining 80 foizi qamrab olindi. 

    Xalqaro reytinglarda quyidagi koʻrsatkichlar qayd etilgan:

    Mobil internet narxi (1 GB uchun) 2020-yilda 1,34 dollar (55-oʻrin), 2022-yilda 0,37 dollar (15-oʻrin);

    Simli internet narxi: 2020-yilda 16 dollar (25-oʻrin), 2022-yilda 14,38 dollar (19-oʻrin);

    Mobil internet tezligi: 2020-yilda 10,07 Mbit/s (133-oʻrin), 2022-yilda 13,95 Mbit/s (122-oʻrin);

    Simli internet tezligi: 2020-yilda 29,92 Mbit/s (95-oʻrin), 2022-yilda 45,03 Mbit/s (89-oʻrin).

    Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2021-yilda 300 ta (100 ta mobil ilovalar orqali) davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2022-yilda 370 (+70, 165 ta mobil ilovalar orqali) tani tashkil qildi. 2023-yilda ular sonini 200 taga oshirib, 570 taga (265 tasi mobil ilovalar orqali) yetkazish rejalashtirilgan. Buning natijasida aholining 36 mlrd soʻm mablagʻi tejalib, 70 dan ortiq hujjatlar soʻrovi bekor qilindi. 

    Elektron xizmatlar ulushi 2020-yilda 32 foizni (3,1 mln), 2021-yilda 54 foizni (8,4 mln), 2022-yilda 66 foizni (12 mln) tashkil qilgan. 2023-yilda bu koʻrsatkichni 70 foizga (21 mln) yetkazish moʻljallangan. Shu davrda anʼanaviy xizmatlar mos ravishda 68, 46, 34, 30 foizni tashkil qiladi.

    Yagona portaldan foydalanuvchilar soni 2019-yilda 77 ming nafar boʻlgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2020-yilda 372 mingni, 2021-yilda 1 mlnni, 2022-yilda 4 mlnni tashkil qilgan. 2019-yilga qaraganda foydalanuvchilar soni 52 baravarga ortgan. Bu jarayonda 135 mlrd soʻmga yaqin yoʻlkira va qogʻoz xarajatlari tejalgan.

    Oʻzbekistonda raqamli taʼlim ekotizimini yoʻlga qoʻyish, aholi va yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish hamda ularning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Bugungi kunda tizimdagi IT oliy taʼlim muassasalari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) va uning 6 ta filiali, Toshkent shahridagi Inxa va Amiti universitetlari tomonidan 35 dan ortiq mutaxassisliklar boʻyicha 29 ming nafardan ortiq oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlanmoqda. 

    2022-yilda raqamli taʼlimni rivojlantirish borasida AKT sohasida oliy maʼlumotli kadrlarni toʻliq masofaviy tarzda xalqaro standartlar asosida tayyorlaydigan “EPAM Systems” xalqaro IT-kompaniya bilan hamkorlikda “IT-Park University” raqamli universiteti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 

    Aholini raqamli koʻnikmalarini oshirish maqsadida respublika boʻyicha 205 ta raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarida 400 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan boʻlib, ularda 128 ming nafardan ortiq tinglovchilar, shu jumladan, jami 33 ming nafari davlat xodimlari malakasini oshirdi.

    IT sohasida xususiy sektor vakillariga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar natijasida IT-Park rezidenti boʻlgan xususiy taʼlim markazlari soni 2022-yilda 191 nafarga yetdi (2021-yilga nisbatan 67 taga, 2020-yilga nisbatan 180 taga koʻpaygan).

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 9-maydagi 310-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda yoshlarni IT sohasida salohiyatini oshirish, shuningdek, IT bilimlarga qiziqtirish maqsadida xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash tizimi joriy etildi.

    Oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida 2022-yilda jami 800 tadan ziyod yoshlar xalqaro IT-sertifikatni olish uchun arizalar topshirgan boʻlsa, hisobot davrida 500 nafar yoshlarning mazkur sertifikatlar boʻyicha 50 foizgacha boʻlgan xarajatlari qoplab berildi.

    2019-2022-yillarda “Bir million oʻzbek dasturchi” loyihasi doirasida taʼlim olganlar soni 2,5 mln nafardan oshgan. Shu jumladan, 1,7 mln nafardan ortigʻi loyiha doirasida raqamlashtirish boʻyicha boshlangʻich bilimga ega boʻlib, sertifikatlarni qoʻlga kiritgan.

    IT sohadagi oʻquv kurslarda tahsil olayotgan yoki ushbu oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 15 ming nafardan ortiq yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda isteʼmol kreditlari ajratildi.

    IT Park rezidentlari soni 2017-yilda 147 ta boʻlgan boʻlsa, 2021-yilda 523 taga yetdi. Bu koʻrsatkich 2022-yilda ikki baravarga ortib, 1122 taga oshdi. Xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni 2017-yilda 4 tagina boʻlgan boʻlsa, 2021-yilda 23 ta, 2022-yilda yetti baravarga ortib, 165 taga yetdi. 

    AKT sohasida 2021-yilda 90,3 ming nafar aholi bandligi taʼminlangan boʻlib, bu koʻrsatkich 2022-yilda 116,9 ming nafarga yetkazildi. AKT sohasidagi korxonalar tomonidan 2017-yilda 135,5 mln AQSH dollari miqdorida eksport qilingan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 206,4 mln AQSH dollariga yetdi, 2022-yilda esa 323 mln AQSH dollari miqdorida eksport qilindi. 2023-yilda ushbu koʻrsatkichni 375,1 mln AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan. 

    2021-2022-yillarda IT Park rezidentlari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar va eksportlar hajmi keskin oshdi.

    2021-yilda IT Park rezidentlari tomonidan jami 46 mln AQSH dollari miqdorida xizmatlar eksporti amalga oshirilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 140 mln AQSH dollarini tashkil qildi. 

    2021-2022-yillarda IT Park rezidentlari tomonidan ish bilan taʼminlanganlar va oʻzini oʻzi band qilganlar soni ham koʻpaygan.

    2023-yilning 1-yanvar holatiga respublika miqyosida jami 28 562 nafar aholi ish bilan taʼminlangan boʻlib, shundan 18 712 nafar oʻzini oʻzi band qilganlar hisoblanadi. Bu borada Toshkent shahri (15 597) birinchi oʻrinda turgan boʻlsa, Navoiy (785) va Jizzax (538) keyingi oʻrinlarni band qilgan.

    Matbuot anjumani davomida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mas’ullar tomonidan javoblar taqdim etildi.

    Manba: Axborot xizmati