Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va biznes jarayonlari autsorsingi uchun yangi IT Hub sifatida” mavzusiga bag‘ishlangan panel uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
    04.11.2022

    Ayni kunlarda Samarqand shahrida II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tmoqda.

    Bugun, 4-noyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ushbu forum doirasida O‘zbekistonda BPO yo‘nalishlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan panel muhokamasida so‘zga chiqdi. Uchrashuv “O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va biznes jarayonlari autsorsingi uchun yangi IT Hub sifatida” mavzusiga bag‘ishlandi.

    Ma’lumki, bugungi kunda global raqamli ekotizimda, ayniqsa biznes-jarayonlari autsorsingi (BPO) sohasida katta o‘sish kuzatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, zarur infratuzilmani ham talab qilmoqda.

    O‘zbekiston yangi autsorsing markazi sifatida jahon IT hamjamiyatining e’tiborini tortmoqda. Bu yerda mamlakatni yangi yo‘nalishda faol rivojlantirish imkonini beruvchi shart-sharoitlar mavjud: xalqaro talablarga javob beradigan qonunchilik, ingliz tilida so‘zlaydigan iqtidorli yoshlar, zarur zamonaviy infratuzilma, soliq va bojxona imtiyozlari, IT sohasida yuqori sifatli ta’lim mavjudligi va boshqalar.

    Shu tufayli O‘zbekistonda IT-xizmatlar eksporti ortib bormoqda.  

    Taqqoslash uchun: 2021-yil oxirida BPO kompaniyalari soni 45 tani, 2022-yilda esa 135 tani tashkil etdi. 2022-yil 3-chorak yakunida IT eksporti hajmi 82 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, shundan 38 million dollari BPO kompaniyalari xizmatlari eksportiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun 15 ta BPO markazi tashkil etildi.

    Bundan tashqari, 24–27-oktabr kunlari Samarqandda “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2022” doirasidagi o‘tkazilgan tadbirlarda BPO sohasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    Xususan, IT Park rezident-kompaniyasi Revotech va Amerikaning Effika Corporation kompaniyasi biznes jarayonlari autsorsingi (BPO)ning yangi yo‘nalishlari, ya’ni sug‘urta xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzoladilar. Hujjatga ko‘ra, Effika Corporation 2023-yil uchun sug‘urta sohasida 20 million dollar miqdorida autsorsing xizmatlarini taqdim etadi.

    O‘zbekistonda BPO yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlashga IT Park bilan Termiz va Namangan shaharlarida ikkita BPO markazi ochish to‘g‘risida hujjat imzolagan Huawei kompaniyasi ham tayyor.

    Shuningdek, AKT haftaligida IT Park ZTE kompaniyasi bilan hujjat imzoladi. Hujjatga ko‘ra, ZTE Samarqand va Farg‘onada yangi BPO markazlarini qo‘llab-quvvatlash va ochish uchun 100 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratadi.

    Buguni panel uchrashuvida ham O‘zbekistonda BPO markazlarini ko‘paytirish, xizmatlar eksportini oshirish, IT sohasida yoshlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

    Manba: Axborot xizmati